Breaking News

Dakota quvuri hindular qabilasi hududi orqali o'tmaydigan bo'ldi


Siu qabilasi rezervatsiyasi
Siu qabilasi rezervatsiyasi

AQSh armiyasining muhandislar korpusi Dakota neft quvurini hindular rezervatsiyasiga yaqin joydan yotqizish tashabbusiga qarshi chiqib, Missuri daryosi bo’yida chodirlar qurib norozilik namoyishlari qilgan minglab odamlarni quvontirdi.

Siu qabilasining loyihaga qarshi da’vosini Shimoliy Amerikadagi ko’plab hindu qabilalar qo’llab-quvvatlab keldi.

“Shuncha odam keladi deb o’ylamagandim. Men ham bu harakatga hissa qo’shganimdan, oylab namoyish qilib, maqsadimizga erishganimdan faxrlanaman”, - deydi Poni qabilasi vakilasi Meri Mashunkeyshi.

Ob-havo sovuq bo’lishiga qaramay, atrof-muhit muhofazachilari, diniy guruhlar vakillari, so’lchi siyosiy faollar so’nggi kunlarda lagerga oqib kelib, shu yaqin atrofdagi yo’lda tirbandlikka sabab bo’ldi.

“Mag’rur qoya” siu qabilasining federal, shtat va mahalliy hukumatlar bilan quvurga doir tortishuvi bir necha oy oldin boshlangan. Qabilalar quvurning rezervatsiya yonidan, Missuri daryosi ostidan yotqizilishiga qarshi chiqdi.

Ularga ko’ra, loyiha suvning zararlanishiga olib keladi.

“Quvur yorilsa, neft suvga oqib, daryoni iflos qiladi, biz esa bu suvdan foydalanamiz. Hayvonlar, atrofdagi tabiat ham xavf ostida qoladi”, - deydi Siu qabilasining yosh vakili Erian Foks.

3,8 milliard dollarlik quvur orqali xom neftni Shimoliy Dakotadan Illinoys shtatidagi neftni qayta ishlash zavodlariga yetkazish ko’zda tutilgan edi.

Ayrim ekologlar nazarida moyni avtomobil va temir yo’l orqali sisternalarda tashishdan ko’ra quvur orqali yetkazish xavfsizroqdir.

Muhandislar korpusi buyurtmachilar bilan muqobil yo’nalish qidirishda davom etamiz, deydi.

Ruhoniy Viktor Kazajyan lagerdagi muhit so’nmaydi degan umidda.

“Insoniyatning Yerga munosabati o’ta salbiy, bu borada ko’plab muammolar mavjud. Tabiatimizga g’amxo’r jamoani tuza oldik deb o’ylayman”, - deydi u.

Neft daromadidan foyda ko’rishga umid qilgan shimoliy dakotaliklarning bir qismi quvur qurilishining qoldirilishidan norozi va bu hindu qabilasi yetakchilari bilan yaqin kelajakda ziddiyatlarga sabab bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG