Janubiy Koreyadagi gumanitar tashkilotlar qashshoq Shimoliy Koreyaga oziq-ovqat va axborotni dengiz orqali yubormoqda. Bunday tashkilotlar tarkibida Shimoliy Koreyadan qochib o’tgan ko’plab faollar bor.
Sariq dengiz bo’yida Shimoliy Koreyaning Keson shahridan uncha uzoq bo’lmagan Kanxvado orolidan turib, faollar qo’shni mamlakatga plastik idishlarda guruch, dori, AQSh dollarlari, dunyo xabarlari va xatlar jo’natmoqda. Suv idishlarni Shimoliy Koreyaning g’arbiy sohillari bo’ylab joylashgan shahar va qishloqlariga yetkazadi, deydi faollar.
“Agar suv oqimiga to’g’rilab oqizsak, aniq yetib boradi”, - deydi Pak Yon Ox.
Faollar bir kunda 500 kilogrammgacha guruch, Janubiy Koreya badiiy filmlari hamda Shimoliy Koreyada taqiqlangan mustaqil xabarlar saqlangan 400 ta xotira kartalarini yuborishi mumkin.
Yaqinda Oq uyda AQSh prezidenti bilan uchrashgan Jun Kvan Ir Trampning BMTdagi nutqini ham vatandoshlariga yo’lladi.
Tramp o’sha nutqida Shimoliy Koreya rahbari yadro qurollarini qo’lga kiritaman deb, o’z yurtini vayron qilayotgani, ocharchilikka mahkum etayotgani haqida aytgan edi
“Biz shu idishlarda vatandoshlarimizga AQSh rahbari ularning og’ir taqdiridan xabardor ekanini bildiruvchi maktublarni yo’llayapmiz”, - deydi faol.
BMT hisobotiga ko’ra, Shimoliy Koreya aholisining 40 foizidan oshig’i to’yib ovqatlanmaydi. Yadro dasturi sabab mamlakat eksportiga qo’yilgan sanksiyalar qashshoqlik va ochlikni yanada kuchaytirmoqda.
Bu kabi antiqa gumanitar aksiyada qatnashayotgan shimoliy koreyalik qochoqlar ishlab topgan pulini, vaqtini ayamay, jon kuydirmoqda.
“Bu ish oson emas. Ammo uning so’ngida qilgan ishimizdan faxrlanamiz”, - deydi Kim Yon Xva.
Xayriya tashkilotlariga cherkovlar ham yordam bermoqda. Ular har qanday din taqiqlangan daxriy mamlakatga injil kitoblarini yubormoqda.
Facebook Forum