Breaking News

Shimoliy koreyalik faollar: Sammitda huquq masalasi chetda qolmasin


Shimoliy koreyalik qochoqlar
Shimoliy koreyalik qochoqlar

Bir necha kun oldin Shimoliy va Janubiy Koreya rasmiylari chegaradagi Pxanmunjon qishlog’ida uchrashib, 27-aprel kuni ikki mamlakat rahbarlarining muloqotiga kelishib oldi.

So’nggi paytlarda Shimoliy Koreya lideri Kim Chen Un xalqaro sahnada ancha faollashgan. Avval ilk bor Xitoyga borib keldi, endi esa Janubiy Koreya prezidenti bilan uchrashmoqchi. May oyida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan ham ko’rishishi mumkin. Shimoliy Koreyadan qochgan faollar bu uchrashuvlarda Pxenyanning inson huquqlarini buzish holatlariga ko’z yummaslik lozim, deydi.

Yaqinda Janubiy Koreya poytaxti Seulda inson huquqlari faollari prezident saroyi oldida namoyish qilib, hukumatni bo’lajak sammitlarda inson huquqlari masalalarini e’tiborsiz qoldirmaslikka chaqirdi.

“Koreya yarimoroli taqdirini hal qilishga qaratilgan yadroviy qurolsizlanish bo’yicha oliy darajadagi uchinchi uchrashuv shimoliy koreyaliklar huquqlariga bee’tibor bo’lmasligi kerak”, - deydi huquqshunos Kim Tey Xun.

Kim Chen Un yadro dasturiga barham berishga tayyor ekanini Pekinda Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan uchrashuv chog’ida aytdi.

So’nggi bor ikki Koreya rahbarlari 2007-yilda uchrashgan. Kim Chen Unning otasi Kim Chen Ir o’shanda hayot edi.

27-aprel va may oylariga rejalanayotgan sammitlarda Pxenyanni ballistik raketa dasturlaridan voz kechishga ham undab ko’riladi. Bunday dolzarb siyosiy masalalar yechimsiz qolayotgan bir paytda ba’zi tahlilchilar inson huquqlari bo’yicha muloqotga vaqt qolmasligini aytmoqda.

BMT hujjatlariga ko’ra, Shimoliy Koreyada ko’plab yopiq siyosiy qamoqxonalar bor, hukumat siyosiy mahbuslarga nisbatan qiynoqlar, zo’rlash, qotilliklarga ko’z yummoqda.

Shu bilan birga, deydi ba’zi mutaxassislar, sammitda inson huquqlari muammolarini ko’tarish yadroviy bitimga erishish imkoniyatlariga pand beradi.

Shimoliy koreyalik qochoqlar va huquq faollari bunday izohlardan norozi.

“Shimoliy koreyaliklar azob-uqubatlariga parvo qilmas ekanmizda”, - deydi bu mamlakatdan janubga qochgan Li Xan Byol.

Yil boshida bir guruh shimoliy koreyalik qochoqlar tarkibida Oq uyda Prezident Tramp bilan uchrashgan Jun Kvan Ir o’z yurtidagi siyosiy ta’qiblar va zo’ravonliklar haqida bayon qilgan edi.

“Tramp Shimoliy Koreyada inson huquqlari ahvoli yomon ekanini bilishini, ammo bu darajada yomonligini bilmasligini aytdi”, - deydi faol.

Biroq uning xavotir olishicha, Tramp ham Kim Chen Un bilan uchrashuv chog’ida inson huquqlari muammolarini ko’tarmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG