Shimoliy Koreya BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalariga qaramay, bugun saharda yana bir raketasini Yaponiya hududi uzra uchirdi. Odamlar boshpanaga yashirinish haqida ogohlantirildi. 700 kilometr balandlikda uchgan raketa taxminan 3700 kilometrlik masofani bosib o’tib, Tinch okeaniga tushgan.
“Shimoliy Koreyani bu yo’ldan qaytarish maqsadida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorligimizni kuchaytirishda davom etamiz. Bundanda qattiqroq choralar ko’rishga tayyormiz, jumladan BMT Xavfsizlik Kengashi doirasida”, - dedi Yaponiya Vazirlar mahkamasining bosh kotibi Yoshixide Suga.
Pxenyan provokatsiyasiga javoban Janubiy Koreya harbiylari dengizga Shimoliy Koreya poytaxtigacha yeta oladigan raketa uchirgan.
Janub Prezidenti Mun Jey In vaziyatni kuzatish va shimol tahdidlariga tayyor turish uchun Milliy xavfsizlik kengashi majlisini chaqirtirdi.
“Bunday sharoitda Pxenyan bilan muloqot qilishimizga ko’zim yetmayapti. Xalqaro hamjamiyat Shimoliy Koreyaga qattiqroq sanksiya va bosim qo’yadi endi va Pxenyan gaplashishga majbur bo’ladi. Mamlakatimizni himoya qilishga tayyor turishimiz, shimol bizga qarshi harbiy provokatsiya boshlasa, zudlik bilan javob berishimiz kerak”, - deydi davlat rahbari.
BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh va Yaponiya iltimosiga ko’ra bugun favqulodda majlis qiladi. Qo’shma Shtatlar muammoni diplomatiya orqali hal qilish tarafdori, ammo harbiy choralar ham hisobdan chiqarilmagan.
Facebook Forum