Shimoliy Koreya davlat matbuotiga ko’ra, mamlakat rahbari Kim Chen Un yadro quroli hamda yadro qurolini tashiy oladigan ballistik raketalarni yaqin kunlarda sinovdan o’tkazishni buyurgan.
Xabarlarga ko’ra, ballistik raketaning atmosferaga qaytib kirishi kompyuterda muvaffaqiyatli sinalgach, Kim Chen Un shunga qaror qilgan hamda mamlakat yadro salohiyatini oshirishga ko’rsatma bergan.
Agar sinovlar amalga oshsa, Shimoliy Koreya BMTning bunday amaliyotlarni taqiqlovchi rezolyutsiyalarini yana bir bor buzgan bo’ladi.
Qo’shni Janubiy Koreya Prezident Pak Gven Xe Pxenyanni ogohlantirib qo’ydi:
"Shimoliy Koreya siyosatini o’zgartirmasa va provokatsiyalarni uyushtirishda, xalqaro hamjamiyat bilan jiqqalashishda davom etaversa, o’zini-o’zi nobud qiladi”, - dedi u.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Pxenyan AQSh va Janubiy Koreya harbiylari ishtirokidagi yillik qo’shma mashqlardan g’azabda bo’lgani uchun o’zini shunday tutmoqda.
Mutaxassislar Shimoliy Koreya Yer atmosferasiga qaytib kira oladigan, parvoz paytida yuqori haroratga chidamli uzoq masofali raketa ishlab chiqarganiga ishonmaydi.