Breaking News

Shimoliy Koreya yadroviy sinovlarni jonlantirishi mumkin


Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un “Rojdestvo hadya”sini ko’rsatmagani bilan yaqin orada yangi strategik qurol namoyish etilishini aytdi. U uzoq masofali raketalar yoki yadro qurollari sinoviga o’zi joriy etgan moratoriy tugatilgani haqida ma’lum qildi. Kimning aytishicha, agar Qo’shma Shtatlar sanksiyalarni yumshatmasa, pushaymon yeydi.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Shimoliy Koreya yaqin orada yadroviy yoki yirik raketa sinovini amalga oshirishi mumkin. Kim Chen Un sinovlarga o’zi joriy etgan taqiqqa rioya qilish majburiyatiga ortiq bog’liq emasligini ma’lum qilib, dushmanni hujum boshlashdan qaytaruvchi qudratli yadro vositasini yaratishda davom etamiz, dedi.

Biroq AQSh prezidenti uning bu gaplarini jiddiy qabul qilmadi.

“U o’z mamlakati manfaatlaridan kelib chiqib, men esa o’z mamlakatimiz manfaatlaridan kelib chiqib ish ko’ryapmiz. Ishimiz shunaqa. U o’z so’zida turadigan odam deb o’ylayman va buni yaqin orada bilib olamiz”, - dedi Tramp.

Kim ko’plab do’q-po’pisalar qilganiga qaramay, ularning aksariyati shartli bo’lgan. Masalan, qit’alararo ballistik raketalar va yadro qurollari sinovi AQSh Janubiy Koreya bilan qo’shma harbiy mashqlarini davom ettirib, unga qurol sotsagina o’tkazilishini aytgan. Katta talablar qo’ygan bo’lsa-da, Kim muzokaraga tayyor ekani oydindir.

“Pxenyan AQSh dushmanona siyosatiga barham bersagina yarimorolni yadrosizlantirishga va’da bergan”, - deydi Koreya milliy birlashuv institutidan Cho Xan Bum.

Tahlilchiga ko’ra, Shimoliy Koreya AQShni “Rojdestvo hadyasi” bilan qo’rqitganiga qaramay, hech narsa bo’lgani yo’q. Shunga qaramay, Tramp hozircha Pxenyandan sanksiyalarni olib tashlashga soshilmayapti. Uning aytishicha, Kim avval yadro qurollaridan butunlay voz kechishi kerak, ammo Shimoliy Koreya rahbarining so’nggi bayonoti buning aksini ko’rsatmoqda.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Kim Chen Un fikridan qaytadi degan umidda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham yadro sinovlari o’tkazilishi ehtimoli yuzasidan xavotir bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG