Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyadan amerikalik ikki mahbusni ozod etishni so’ramoqda. Yana bir amerikalik sudini kutmoqda.
AQSh vakili Darbi Xolladeyning aytishicha, 24 yashar Mettyu Miller o’tgan hafta josuslikda aybdor topilib, mehnat koloniyasida olti yillik jazoga mahkum etilgan. 2012-yilda hibsga olingan 46 yashar Kennet Bey esa 15 yillik qamoq jazosini o’tamoqda.
Miller ustidan sud bir yarim soat davom etgan. Assoshieytid Press axborot agentligi jurnalistiga uni kuzatishga ruxsat berilgan.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Meri Xarfning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Pxenyandan ularni ozod etishni so’ragan.
Yana bir amerikalik, aprelda hibsga olingan 56 yoshli Jeffri Faul ustidan esa sud endi bo’lib o’tadi.
AQShning Shimoliy Koreya bilan diplomatik aloqalari bo’lmagani bois ikki tomonlama muloqot Shvetsiya diplomatlari orqali olib boriladi. Ular Faul bilan bir marta, Miller bilan ikki bor, Bey bilan esa 12 marta ko’rishgan.
O’tmishda AQShning ko’zga ko’ringan siyosiy arboblari, jumladan sobiq prezidentlari Jimmi Karter va Bill Klinton, vositachi sifatida amerikalik mahbuslarning ozod etilishiga hissa qo’shgan edi.
Ba’zi tahlilchilar nazarida AQSh diqqatiga tashna Shimoliy Koreya Vashington bu safar ham biror yuqori martabali vakilini yuboradi deya umid qilmoqda.