Breaking News

Pxenyanning AQSh bilan muzokaralardan chiqishi taktik usul, deydi tahlilchilar


AQShning Shimoliy Koreya bo'yicha maxsus vakili Stiven Bigun (chapda) va Shimoliy Koreyaning yadro bo'yicha bosh muzokarachisi Kim Myon Gil
AQShning Shimoliy Koreya bo'yicha maxsus vakili Stiven Bigun (chapda) va Shimoliy Koreyaning yadro bo'yicha bosh muzokarachisi Kim Myon Gil

AQSh va Shimoliy Koreya vakillarining yadro dasturiga doir yana bir muzokarasi chippakka chiqdi. Pxenyanlik diplomatlar Vashingtondan arazlab, muzokaralardan chiqib ketdi. Biroq bu bilan muloqot to’xtadi degani emas. Tomonlar bungacha bir necha bor shunday taktika qo’llagan.

Shimoliy Koreya va AQSh vakillarining so’nggi bir necha oydagi ilk muzokarasi erta uzildi. Ayrimlar nazarida, Pxenyan muloqotlarda ustunlikka erishish uchun yillar davomida shunday qilib kelgan.

“AQSh eski qarashlari va munosabatini o’zgartirmagani uchun muzokaradan chiqishga qaror qildik”, - dedi Shimoliy Koreyaning yadro muzokaralaridagi elchisi Kim Myon Gil.

AQSh Prezidenti Donald Tramp ham kelishilgan uchrashuvlarni ikki bor bekor qilish haqida e’lon qilgan edi. Birinchi gal Kim Chen Un bilan o’tgan yil iyunida Singapurda bo’ladigan uchrashuvdan oldin.

Biroq bir necha haftadan so’ng ikki rahbar ilk bor ko’rishdi. So’ng Xanoyda Tramp ikkinchi muloqotdan erta chiqdi. Janubiy Koreyaning Yonsey universitetidan siyosatshunos Bon Yan Shikning aytishicha, Vyetnam poytaxtigacha poyezdda salkam uch kun yo’l yurgan Kim Chen Un bundan g’azablanib, keyingi muloqotlarda o’ch olishga qaror qilgan bo’lishi mumkin.

“Shimoliy Koreya Donald Trampning usulini qo’llashga qaror qildi. Ya’ni Xanoyda sharmanda bo’ldik, endi vaziyatni tekislash uchun iltifotni qaytaramiz degan ma’noda”, - deydi ekspert.

Har ikki tomonning o’jarligiga qaramay, Shimoliy Koreya va AQSh muzokaralardan butunlay voz kechgani yo’q. Londondagi Qirol kollejidan tahlilchi Ramon Pacheko Pardoning aytishicha, AQShda tanqidlarga uchrayotgan Tramp uchun bu uchrashuvlar havoday muhim.

“Agar Tramp Pxenyan bilan kelisha olsa, siyosiy g’alabaga erishgan bo’ladi. Shu sababdan Kim qattiqroq o’ynayotgan bo’lishi mumkin. Chunki AQShda impichment jarayoni boshlangan va Shimoliy Koreya ko’proq imtiyoz olishga urinib ko’radi”, - deydi ekspert.

Ayrimlar nazarida, Trampning Kim bilan uchrashishga hozirligi amerikalik muzokarachilar imkoniyatlarini cheklamoqda.

“Shimoliy Koreya endi bevosita Trampning o’zi bilan ish qilmoqchi. Ishchi guruhlar bilan emas”, - deydi Pardo.

Keyingi muloqot qachon bo’lishi ma’lum emas. Shimoliy Koreya buni AQShga havola qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG