Breaking News

Amerika Janubiy va Shimoliy Koreya o'rtasidagi muloqotni olqishladi


Janubiy va Shimoliy Koreya rasmiylari uchrashmoqda
Janubiy va Shimoliy Koreya rasmiylari uchrashmoqda

Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyaning kelasi oy qo’shni Janubiy Koreyada bo’ladigan Qishki Olimpiya o’yinlarida ishtirok etish va Seul bilan harbiy mavzuda muloqot qilish qarorini qarshilamoqda. Biroq Oq uy Pxenyanning bu qadamlariga katta shubha bilan qaramoqda.

Kecha Shimoliy va Janubiy Koreya rasmiylari ikki mamlakat o’rtasidagi Pxanmunjon qishlog’ida 2015-yil dekabridan beri ilk bor muloqot qildi. Yopiq eshiklar ortida o’tgan 11 soatlik uchrashuv chog’ida tomonlar chegaradagi ziddiyatlarni yumshatish uchun so’nggi ikki yilda ilk bor harbiylar o’rtasida muzokara o’tkazishga kelishib oldi.

“Janubiy va Shimoliy Koreya muammolarini muloqot va maslahat orqali hal qilishga, turli mavzularda gaplashishga kelishdi”, - dedi Janubiy Koreyaning Birlashish masalasi bo’yicha vaziri Cho Myun Gyun.

Tomonlar Olimpiya o’yinlariga Shimoliy Koreya delegatsiyasini yuborish haqida ham gaplashdi. Ammo Pxenyan yadro dasturi haqida so’z ketmagan.

“Yadroviy masalalar, strategik qurollarimiz, jumladan atom, vodorodli bombalarimiz hamda qit’alararo ballistik raketalarimiz birodarlarimizga emas, AQShga qarshi qaratilgan”, - dedi Shimoliy Koreyaning ikki Koreyani birlashtirish qo’mitasi raisi Ri Son Gvon.

Qo’shma Shtatlar muloqotni olqishlab, uni Shimoliy Koreya uchun yadro dasturidan voz kechish orqali xalqaro izolyatsiyaga chek qo’yishga yaxshi imkoniyat deb atadi.

“Koreya yarimorolini yadrodan xoli hududga aylantirish birinchi raqamli maqsadimiz. Shimol bilan kechayotgan muloqotdan Janubiy Koreya xabardor qilib turibdi”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sanders.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Pxenyan Seul bilan muloqotni yadroviy salohiyatini kuchaytirish uchun vaqtdan yutish maqsadida foydalanmoqda.

“Taranglik bir necha oyga yumshaydi, Olimpiada muvaffaqiyat bilan o’tkaziladi, dunyo shimoliy koreyalik ikki figurachini musobaqalarda kuzatadi, odamlar ularni olqishlaydi. Ammo Kim Chen Un ko’zni shamg’alat qilib, yadro qurollarini issiqlikdan saqlovchi texnologiya ishlab chiqish uchun vaqtdan yutmoqchi”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Garri Kazianis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG