Breaking News

Dunyoda yadro halokati xavfi kuchaygan


Jahon rahbarlari BMT Bosh Assambleyasining yillik yig’iniga to’planmoqda. Shu hafta Nyu-Yorkda boshlangan ko’p kunlik anjumanda yadro qurollari nazorati masalasi ham muhokama etiladi.

Xalqaro hayot - 20-sentabr, 2019-yil - Dunyoda yadro halokati xavfi kuchaygan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:30 0:00

Yaqinda yuzdan ziyod siyosiy, harbiy va diplomatik arboblar qo’shma bayonot chop etdi. Ularga ko’ra, dunyoda yanglish hisob-kitob, vaziyatni xato baholash va baxtsiz hodisa natijasida yadroviy fojianing sodir etilishi ehtimoli Karib inqirozidan beri bu qadar yuqori bo’lmagan hali.

O’tgan oy Qo’shma Shtatlar Rossiya bilan 1987-yildan beri amalda bo’lgan o’rta va qisqa masofali raketalarni cheklovchi bitimdan chiqishi natijasida shartnoma yaroqsiz holatga keldi.

Shundan bir oy o’tib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bitim taqiqi ostida bo’lgan raketalarni yaratishga kirishamiz, ammo AQSh birinchi bo’lib ularni joylashtirmaguncha bunday qilmaymiz, dedi. Shartnomaning kuchini yo’qotishidan xavotirga tushgan bir guruh ko’zga ko’ringan rossiyalik va yevropalik diplomatlar va harbiy arboblar yangi yadro halokati xavfi haqida ogohlantirdi.

Britaniya sobiq mudofaa vaziri Dezmond Braun ulardan biri. Ayni damda u Yevropa liderlik tarmog’iga raislik qilyapti. Braun va bayonotga qo’shilgan boshqa arboblar nazarida, dunyo rahbarlari shu kunlarda Nyu-Yorkda bo’layotgan BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasida xalqaro qurol nazoratini muhokama qilishi kerak.

“Yillar davomida xotirjamligimizga sabab bo’lgan qurollarni nazorat qilish tizimi parchalanmoqda. Yangi texnologiyalar taraqqiyoti vaziyatni qiyinlashtirmoqda. Yadro qurollarini bu texnologiyalarga bog’lash nazoratsiz salohiyatning paydo bo’lishiga olib kelib, tahdidlarni mislsiz darajada kuchaytirmoqda”, - deydi Braun.

Bunday qurollarga Rossiya, AQSh, Xitoy va Avstraliyada ishlanayotgan gipertovushli raketalarni misol qilish mumkin. Ularning barcha turdagi mudofaa tizimlarini yorib o’tish salohiyatiga ega ekani aytiladi.

Dunyoda o’z raketa texnologiyalarini rivojlantirayotgan davlatlar soni oshib bormoqda. Sovuq urush tugaganiga 30 yil bo’lsa-da, Yevropa hamon frontning oldingi chizig’ida turibdi, deydi britaniyalik arbob.

“G’arb va Rossiya o’rtasidagi ishonch rishtalarining keng ma’noda yomonlashayotgani hamda so’nggi 10 yil davomida qurollarni nazorat qilish tizimining muntazam ravishda darz ketishi yevropaliklar uchun jiddiy xavotirga sabab bo’lmoqda, chunki dunyodagi yadro qurollarining 90 foizi omborxonalarda yoki jangovar holatda turibdi. Nishonga qaratilganlarining aksariyatini bir necha daqiqada harakatga keltirish mumkin”, - deydi sobiq vazir.

Kollektiv bayonotda aytilishicha, yadro tahdidiga yolg’iz Yevropa xavfsizligi uchrayotgani yo’q – Shimoliy Koreya yadro arsenalini kengaytirmoqda, Hindiston va Pokiston kabi yadroviy davlatlar o’rtasida ziddiyatlar kuchaymoqda, AQShning bitimdan bir tomonlama chiqishi natijasida Eron yadro dasturiga oid xalqaro shartnoma quruq qog’ozga aylanishi mumkin.

“Dunyo rahbarlari o’zaro uchrashuvlarda bu mavzularni ko’tarmoqda, biroq oldingi rahbarlar kelishib yaratgan muhitga qaytish uchun hozirgi siyosatchilar va rahbarlarda siyosiy iroda yetishmaydi”, - deydi Dezmond Braun.

Bayonotga imzo chekkan arboblar AQSh va Rossiyani yangi qurollarni yaratishni tartibga soluvchi qoidalarga kelishishga chaqirarkan, Xitoy hamda yadro qurollariga ega boshqa davlatlar strategik barqarorlikni ta’minlashga hamkorlikda intilishi kerak, deydi.

Hozirgi geosiyosiy muhitda BMT doirasida kelishuvga erishish qiyinligi ham ta’kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG