Breaking News

Yadro materiallari ishonchli qo'llardami?


2014-yildagi sammit Niderlandiyada o'tgan edi
2014-yildagi sammit Niderlandiyada o'tgan edi

31-mart - 1-aprel kunlari Vashingtonda yadroviy xavfsizlikka doir sammit bo'lib o'tadi. Unda 50 dan ortiq mamlakat rahbarlari qatnashadi. Yadro materiallarining xato qo'lga tushish ehtimoli yuqori ekan, sammit ishtirokchilari ularning xavfsizligini ta'minlash xususida fikr almashadi.

"Islomiy davlat" terrorchi guruhining Fransiya va Belgiyadagi xurujlaridan so'ng jangarilar yadroviy materiallarni qo'lga kiritib, G'arbda yanada dahshatliroq hujumlar uyushtirishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaygan.

"Bunday materiallardan qo'lbola yadro qurollari yaratish mumkin. Ularning jinoiy guruhlar qo'liga tushishining oldini olish lozim. Bu juda jiddiy tahdid", - deydi Vashingtondagi Xeritij jamg'armasi deb nomlanuvchi tahlil markazidan Mixaela Dodj.

Mart oyi boshida Iroq hukumati "Islomiy davlat"ni Karkuk shahri yaqinida kimyoviy moddalar biriktirilgan raketalar otib, salkam 600 odamga jarohat yetkazganlikda aybladi.

Yadro materiallarining bu guruh qo'liga tushish ehtimoli qanday?

"Islomiy davlat" uchun yadro qurolidan ko'ra yadroviy yoki radioaktiv materiallarni qo'lga kiritish osonroq. Shunday bo'lgan taqdirda, ularga yadro qurolining keragi yo'q. Ommaviy qirg'in uchun ular qo'lbola yadroviy portlovchi moslama yaratishi mumkin", - deydi "Global xavfsizlik uchun hamkorlik" tashkilotidan Mishel Kann.

Buning oldini olish uchun nazoratni kuchaytirish kerak, deydi Mixaela Dodj.

"Mamlakatlar imkon qadar yadroviy materiallar xavfsizligini ta'minlab, nazoratni kuchaytirmoqda. Yadro qurollari tarqalishining oldini olishga qaratilgan hujjat bir necha o'n yildan beri bu borada qisman qo'l kelmoqda", - deydi tahlilchi.

Mishel Kanning aytishicha, yadro xavfsizligiga bag'ishlangan yig'inlar ham tahdid darajasini keskin tushirishga yordam berdi.

"2010-yildan beri yana 12 mamlakat o'z tasarrufidagi yuqori boyitilgan uranni topshirdi. Bir yarim tonnadan ortiq yuqori boyitilgan uran va plutoniyni xavfsiz joyda saqlash uchun qabul qilib oldik. Bir necha mamlakatda ta'lim, qayta tayyorgarlik, mashg'ulotlar bilan shug'ullanuvchi markazlar tashkil etdik", - deydi u.

Unga ko'ra, bu harakatlarni to'xtatmaslik, hushyorlik va hamkorlikni oshirish zarur, chunki radioaktiv yoki yadro materiallarining oz qismi jinoyatchilar qo'liga tushib qolsa ham oqibati dahshatli bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG