Vashingtonda joylashgan Xalqaro strategik izlanishlar instituti xulosasiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar va Rossiya yadro qurollari tarqalishiga to’siq qo’yish uchun zudlik bilan hamkorlikni boshlashi lozim.
AQSh va Sovet Ittifoqi Sovuq urush paytida mafkuraviy kelishmovchiliklarga qaramay, bu yo’nalishda hamkorlikni kanda qilmagan. Institut shu mazmundagi hisobotini tayyorlashda razvedka agentliklari chop etgan arxiv hujjatlardan foydalangan.
Hisobot mualliflariga ko’ra, Sovuq urush paytidagi hamkorlik yadro qurollarining Afrika qit’asiga tarqalmasligiga imkon bergan.
1977-yil avgustida Sovet Ittifoqiga qarashli sun’iy yo’ldoshlar Janubiy Afrikaning Kalaxari sahrosida yadro quroli sinoviga hozirlik ketayotganini payqagan.
“Sovet Ittifoqining o’sha paytda aparteid tuzumi bilan diplomatik aloqasi bo’lmagan. Sovetlar sinovga hozirlik ko’rilayotgani haqidagi ma’lumotni AQShga uzatadi. Pretoriyadagi hukumat bilan aloqada bo’lgan Qo’shma Shtatlar Janubiy Afrikaga fuqarolik atom dasturida yordam berayotgan bo’lgan, ammo yadroviy sinov o’tkazilishiga qarshi edi”, - deydi Xalqaro strategik izlanishlar institutidan Nik Redmen.
Rasmiy Pretoriya sinov haqidagi da’volarni inkor etishga harakat qiladi, biroq AQSh razvedka ma’lumotlarini taqdim etib, Janubiy Afrikani bu rejadan voz kechishga majbur qiladi.
1993-yilda suratga tushirilgan mana bu videoda Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma inspektorlarining Kalaxari sahrosidagi harbiy inshootning demontaj etilishini nazorat qilayotganini ko’rsa bo’ladi.
Ikki yirik raqib Sovuq urush paytida bu borada yaqindan hamkorlik qilgan.
“Yadro qurollari tarqalishiga qarshi bitimga erishishda shaxsiy munosabatlar muhim rol o’ynardi. Har ikki hukumatning qurol nazorati bo’yicha mutaxassislari va olimlari muntazam ravishda o’zaro uchrashib turishardi”, - deydi hisobot mualliflaridan biri Nik Redmen.
1960-yillarda Jenevada tomonlar qurol nazoratini yillab muzokara qilgan.
AQShning o’sha paytdagi vitse-prezidenti Linden Jonson shunday degan edi:
“Bitimga erishish uchun hamma narsani, qaytaraman, hamma narsani ishga solishga tayyormiz”, - degan edi Jon Kennedining o’limidan so’ng prezidentlikka tayinlangan arbob.
Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitim 1970-yilda imzolandi.
Yangi hisobot mualliflariga ko’ra, 1962-yilda Kuba yadro inqirozidan beri Moskva-Vashington munosabatlari hozirgiday yomon bo’lmagan.
“Yadroviy tahdidlar yo’qolgani yo’q, demak, bu ikki davlat hamkorlikni tiklashga astoydil harakat qilishi kerak. Hisobga olinmagan, xavfsizligi ta’minlanmagan ko’plab yadro qurollari va materiallari hali ham mavjud”, - deydi Redmen.
Rossiya taktik atom qurollari ustida ishlar, AQSh esa yadroviy salohiyatini oshirishga intilar ekan, yangi qurollanish poygasi xavfi ko’plarni xavotirga solmoqda.
2017-yilda tayyorlangan yadro qurollarini man qilish bitimini atom qurollariga egalik qilayotgan hech bir mamlakat imzolamadi. Yadro qurollari mavjud va ulardan mahrum mamlakatlar o’rtasida bo’linish kuchaymoqda.
“Agar AQSh va Rossiya hamkorlikni boshlamasa, shu paytgacha yadroviy sohada ikki mamlakat qo’lida bo’lgan tashabbus tez fursatda yo’qotiladi”, - deydi amerikalik tahlilchi.
Hisobot mualliflari AQSh va Rossiya rahbarlarini Sovuq urush tarixidan saboq olishga chaqiradi.
Facebook Forum