Livan va Fransiyadagi terror xurujlari ketidan Nyu-Yorkda tezkor kuchlar safarbar etilgan. Shaharni qo’riqlayotgan 500 maxsus politsiyachining vazifasi - yakka terrorchilarni topish, yirik xurujlarni ham bartaraf etish.
Amerika ahli Fransiyaga hamdard. Nyu-Yorkda 2001-yilgi terakt qurbonlariga qo’yilgan yodgorlik qoshida tantanali marosim bo’lib o’tdi, Parijda o’lganlar xotirlandi. Fransiya davlat madhiyasi yangradi.
Fransiya bosh konsulining ta’kidlashicha, 13-noyabr kungi xurujlar Ikkinchi jahon urushidan beri eng qonlisi.
“Fransiyaga qarshi urush bu”,- deydi u.
Nyu-York rahbariyati xavfsizlikni ta’minlash uchun 500 maxsus politsiyachini, shuningdek, harbiy treningdan o’tkazilgan itlarni safarbar etmoqda. Maqsad – terrorchilikning oldini olish.
Shahar meri Bill de Blasio:
“Bunga qaror qilganimiz bejiz emas. Ishonch bilan ayta olamizki, fuqarolarni terrorizmdan himoya qilishga kelganda Nyu-York tashabbusni qo’lga oldi. Tayyorgarlik darajasi eng yuqori”.
Shahar politsiya boshlig’i Vilyam Bretton maxsus kuchlarning qobiliyati, ular qo’lidagi zamonaviy qurollar va texnologiyani e’tirof etadi. Ular yordamida razvedka ma’lumotlarini tezda to’plash va chora ko’rish mumkin. Politsiyachilar, kerak bo’lsa, xavf-xatar tomon yuguradi.
“Bu posbonlar maxsus treningdan o’tgan. Parijda bo’lgani kabi jamoat joylarida ro’y beradigan otishmalarni darhol to’xtatish bo’yicha doimiy mashqlardan o’tib turishadi. Zarur bo’lganda, 100 dan oshig’i darhol safarbar etiladi”,- deydi Bretton.
Politsiya bo’linmasi nafaqat sayyohlar bilan gavjum joylarni qo’riqlashi, balki restoran va konsert zallariga ham alohida e’tibor kerak. Parijda aynan shunday joylar nishonga olingan edi.
Kelasi yili Nyu-Yorkda politsiyachilar sonini yana ikki mingga oshirish ko’zlanmoqda. Terrorizm tahdidi shuni talab qiladi.