2012-yilda boshlangan tergov ishi nihoyat yakun topdi, deya bildiradi AQSh rasmiylari. Nyu-York shahar Bruklin tumanida federal sudga taqdim etilgan hujjatlarga ko'ra, Texas shtatining Xyuston shahrida joylashgan Arc Electronics Inc kompaniyasi, o'zini rasman svetofor ishlab chiqaruvchi biznes deb tanishtirib, aslida Rossiyaga mikroelektronik texnologiyani noqonuniy ravishda eksport qilgan.
26-oktabr kuni chiqarilgan hukmda aybdor deb topilgan shaxslar: Aleksandr Posobilov, Shavkat Abdullayev va Anastasiya Diatlova. Posobilov ta'minotchi, Abdullayev eksportchi, Diatlova esa sotuvchi bo'lib ishlagan.
Posobilov 185, Abdullayev 65, Diatlova esa 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Gap 30 million dollardan oshiq qiymatga ega mikrochiplar va boshqa yuqori texnologiya namunalari haqida ketmoqda. Ular harbiy va razvedka agentliklari tomonidan qo'llaniladi, deydi prokuror Robert Keypers.
Posobilov, shuningdek, moliyaviy tovlamachilikda ham aybdor deb topilgan.
Bu ish 2012-yilda fosh etilganida 11 kishi hibsga olingan va tekshirilgan. Arc Electronics Inc asoschisi Aleksandr Fishenko 2008-yildan beri bunday jinoiy tizimni boshqarib kelgan, deyiladi sud hujjatlarida.
Qozog'istonda tug'ilib, Rossiyada oyoqqa turgan Fishenko AQShga 1994-yilda kelgan, 2003-yilda fuqarolik olgan. U o'z aybini tan olgan. Yana to'rt kishi o'zini aybdor deb biladi va jazosini kutmoqda.
Posobilov 2001-yildan beri Amerikada yashaydi, 2004-yildan binoan fuqaro.
Shavkat Abdullayevning advokati Richard Lind deydiki, mijozi ishi apellyatsiya tartibida qayta ko'rib chiqilishini istaydi.
Posobilov va Diatlovaning himoyachilaridan bayonot yo'q.
Ishonchli manbalarga ko'ra, Shavkat Abdullayev O'zbekiston fuqarosi, 37 yoshda, Toshkentda bilim olgan. Kamida 10 yildan beri Amerikada yashaydi. Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida tirikchilik qilgan.