Breaking News

AQSh-Yaponiya kuchli ittifoqchilar, deydi rahbarlar


Oq uy
Oq uy

Prezident Obama bugun Oq uyda Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe bilan uchrashdi. Tomonlar mudofaa va iqtisodiy hamkorlik xususida gaplashdi.

Obamaning aytishicha, Ikkinchi Jahon urushi paytida bir-biriga dushman bo'lgan ikki mamlakat haqiqiy do'stga aylangan.

"Qo'shma Shtatlar Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi liderligini kuchaytirmoqda. Shinzo Abe Yaponiyani dunyo sahnasida yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ikki davlat ittifoqi poydevori juda kuchli", - dedi Obama.

Abening aytishicha, Yaponiya global muammolarni hal etishda AQSh bilan oldingi qatorlarda turadi.

Kecha Abe Nyu-Yorkda AQSh rasmiylari bilan muloqot qilib, mudofaa bobidagi sheriklikni kuchaytirishga kelishib olgan. Xitoy harbiy qudrati oshib borar, dengizdagi hududlarga da'vo qilarkan, bundan xavotirlangan Yaponiya mudofaa salohiyatini oshirmoqda.

Ikkinchi jahon urushidan beri hujumkor armiyasi bo'lmagan Yaponiya endi xalqaro mojarolarda faolroq rol o'ynamoqchi. Xususan, raketaga qarshi mudofaa, minalardan tozalash, kemalarni nazorat qilish, uchinchi mamlakatga yordam berish bobida.

AQSh va Yaponiya o'zaro mudofaa qoidalariga so'nggi 18 yilda ilk bor tuzatish kiritmoqda.

"Yangi o'zgarishlarga ko'ra Yaponiya endi nafaqat o'zini, balki AQSh va boshqa hamkorlari himoyasiga ham otlanishi mumkin bo'ladi", - dedi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Unga ko'ra, ikki tomonlama mudofaa bitimiga muvofiq, agar Yaponiyaning Xitoy da'vo qilayotgan orollari hujumga uchrasa, Qo'shma Shtatlar ularni ham himoya qilishga majbur.

Xitoy Sharqiy Xitoy hamda Janubiy Xitoy dengizlaridagi qator orollarni o'ziniki deb, ularda qurilishlar boshlagan.

Abe va Obama Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi bir necha davlat o'rtasidagi erkin savdo bitimi xususida ham gaplashdi. Unga Xitoydan tashqari 12 mamlakat a'zo.

Obamaga ko'ra, agar AQSh bitimni tezlatmasa va mintaqada savdo unga to'g'ri keladigan qoidalar asosida olib borilmasa, Xitoy tashabbusni o'z qo'liga olib, savdo Xitoy qoidalariga qarab yuritilishi mumkin.

"Bundan Amerika kompaniyalari zarar ko'rishi, ko'plab amerikaliklar ishsiz qolishi mumkin", - deydi Obama.

AQSh va Yaponiya muzokarachilari ayni damda ba'zi mahsulotlariga qo'yilgan savdo cheklovlarini bekor qilish xususida kelishmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG