Afrika safariga chiqqan AQSh Prezidenti Barak Obama otasining vatani Keniyada ikki kun bo'lib, bugun Efiopiyaga bordi. Kecha u poytaxt Nayrobidagi anjumanda so'zlab, Keniya og'ir damlarni boshdan kechirayotgan, ammo imkoniyati keng mamlakat, dedi.
Unga ko'ra, Keniya 1963-yilda Britaniya mustamlakasidan xalos bo'lgach, katta yutuqlarga erishdi, bir partiyalik tizim tugatildi, 2007-yilda ro'y bergan qabilaviy va etnik mojaroga barham berildi.
Obamaning aytishicha, agar Keniya yanada katta muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritmoqchi bo'lsa, kuchli va tiniq demokratik davlat boshqaruvini joriy etishi, iqtisodiyotni rivojlantirishi, tinchlik va murosaga intiluvchi milliy o'zligini kuchaytirishi lozim.
"Korrupsiyaga qarshi kurashing. Pora sifatida berilayotgan har bir tiyin halol mehnat qilayotgan fuqaro hamyonidan ketmoqda", - deydi Obama.
AQSh rahbari jinsiy tenglikka ham e'tibor qaratib, majburiy nikohlarni, yosh qizlarning ta'lim olishiga qo'yilgan cheklovlarni, qizlarni xatna qilishni tugatishga chaqirdi.
"Agar Keniyada qizlar va ayollarga ikkinchi darajali inson sifatida muomala qilinsa, mamlakat rivojlanmaydi", - dedi Obama.
Prezident keniyaliklarni umumiy, milliy o'zlikni targ'ib qilishga chaqirib, etnik va qabilaviy bo'linishlar mamlakatni parchalashini aytdi.
Keniya Prezidenti Uxuru Kenyatta AQShda ayni jins vakillariga bir-biri bilan turmush qurishga ruxsat berilganini tanqid qilib, bu an'ana Keniyaga to'g'ri kelmasligini aytdi.
Obama bugun Addis-Abbebaga tashrif buyuradi. Bungacha Efiopiyaga hech bir AQSh rahbarining oyog'i tegmagan.
Milliy xavfsizlik maslahatchisi Ben Roudsning aytishicha, Obama Afrikaning bu davlatida ham inson huquqlari haqida so'zlaydi.
Efiopiya poytaxtiga Afrikaning bir necha mamlakatidan rahbarlar kelib, o'zaro hamkorlik hamda Janubiy Sudandagi ahvol muhokama etiladi. Seshanba kuni Obama Afrika Ittifoqi qarorgohida bo'ladi.
Aytish joiz, Obamaning otasi Keniyadan bo'lib, Prezident Uxuru Kenyattaning otasi, Keniyaning birinchi rahbari Joma Kenyatta bilan tanish bo'lgan. Joma Kenyatta 1950-yillarda yuzlab keniyalik yoshlarga AQShda tahsil olishga ruxsat bergan. Ular orasida Obamaning otasi ham bo'lgan.