Breaking News

Amerika Kuba bilan aloqani tiklaydi


Bugun Prezident Barak Obama AQSh va Kuba aloqalarni normallashtirishga kelishib olgani haqida ma'lum qildi. 53 yil Qo'shma Shtatlar bu orol davlatni inkor etib keldi, u bilan savdo qilmadi.

AQSh-Kuba munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda. Fidel Kastro boshliq kommunistlar 1959-yilda Kubada hokimiyatni qo'lga olgandan so'ng ag'darilgan hukumatni qo'llab-quvvatlagan Amerikaning mulkini tortib oldi. Qo'shma Shtatlar u bilan diplomatik aloqani uzib, embargo joriy etdi.

Prezident Obama ikki davlat munosabatlaridagi tarixiy o'zgarish haqida birinchi bo'lib ma'lum qildi.

“Davlat kotibi Jon Kerriga Kuba bilan 1961-yilda uzilgan diplomatik aloqalarni tiklab, elchixonamizni ochishga ko'rsatma berdim", - dedi Obama chorshanba kuni Oq uydagi matbuot anjumanida.

Kerriga Kubani terrorizmni moliyalayotgan davlatlar ro'yxatidan chiqarish vazifasi ham topshirilgan. Obamaning aytishicha, terror usullarini tan olmaydigan davlatga bunday ro'yxatda o'rin yo'q. Kubaga bank, savdo, sayohat bobida qo'yilgan cheklovlar yumshatiladi.

AQSh prezidenti bundan oldin Kuba rahbari Raul Kastro bilan telefon orqali gaplashganini ma'lum qildi.

"Rim Papasi Fransisk ham Kuba bilan munosabatlarni yaxshilashni iltimos qilgan edi", - dedi Obama.

AQSh rahbarining chiqishidan oldin Kuba josuslikda ayblanib besh yil qamoqda saqlangan amerikalik Alan Grossni ozod etdi. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligida ishlagan Gross Kubaga telekommunikatsiya jihozlarini olib kirgani uchun josusga chiqarilgan edi. Qo'shma Shtatlar uning josus ekanini tan olmagan.

Ammo ikki rahbar kelishuviga ko'ra, sobiq josuslar ham ozodlikka chiqdi. Kuba salkam 20 yil qamoqda saqlangan Amerika razvedkasining agentini AQSh qo'lidagi uch josusiga ayirboshlashga kelishib olgan.

Grossni Kubadan olib kelish uchun orolga safar qilgan AQShning uch qonunchisidan biri Patrik Lexining aytishicha, Obama Kubani yakkalash siyosatidan voz kechib to'g'ri ish qildi.

"Kastrolar hokimiyatdan ketgani yo'q. Albatta, bu mamlakat bilan gapimiz doim ham bir joydan chiqmasligi mumkin, ammo aloqalarni normallashtirish bilan oddiy kubaliklar hayotini ham yaxshilashimiz mumkin. Amerikaliklar ham endi bu yurtga bemalol borib kelishi mumkin bo'ladi", - deydi demokrat kongressmen.

AQSh-Kuba aloqalari Kongressdagi ayrim qonunchilarning bosimi tufayli shu kungacha sovuq bo'lib kelgan. Ular esa o'z navbatida Amerikada yashovchi kubalik jamoa fikri va kayfiyatini inobatga olmoqda.

Senator Marko Rubio Obamaning bu qaroridan norozi. Uning aytishicha, prezident Kubaning kommunistik rahbarlari oldida bo'yin egdi.

“Bu prezident Oq uyni egallagan eng yomon muzokarachi bo'lib chiqdi. U Kuba hukumatining barcha iltimoslarini bajo etib keldi, ammo evaziga demokratiya va erkinlik bobida biror o'zgarish bo'lishiga va'da berishmadi unga”, - deydi Rubio.

"Biz Kubada demokratiya va inson huquqlarini targ'ib etishdan voz kechmaymiz. Albatta, Kastro hukumatini bir kunda yangilamaydi, ammo avlod o'zgargani sari hokimiyatga Amerikaga do'stona arboblar keladi deb umid qilaman", - dedi Obama.

Uning aytishicha, 50 yil davom etgan Kubani yakkalash siyosati ish bermadi, endi bu ishga yangicha yondashish lozim.

Xabarlarga ko'ra, tomonlar munosabatlarni tiklash mavzusida bir yildan ortiq vaqt maxfiy ravishda muloqot qilgan.

AQSh sobiq Prezidenti Jimmi Karter Obamaning bu qarorini dono va mard deb atadi hamda Kongressni Kubaga qo'yilgan iqtisodiy cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi.

Obama bilan bir paytda Kuba rahbari Raul Kastro ham televideniye orqali xalqqa murojaat qilib, ana shu ijobiy xabar haqida ma'lum qildi. Uning aytishicha, Obamaning qarori tahsinga hamda Kuba xalqining hurmatiga loyiq.

Kubaga qo'yilgan sanksiyalarni bekor qilish hamda elchixona ochish uchun mablag' olish vakolati Kongressga tegishli. Obama qonunchilar bilan bu borada muloqot qilishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG