Breaking News

Iqtisodiyot – saylov dasturlarida nomzodlar eng ko’p tilga olayotgan mavzu


AQSh prezidenti Barak Obama Ogayo shtati saylovchilari bilan uchrashmoqda. 18-aprel, 2012-yil.
AQSh prezidenti Barak Obama Ogayo shtati saylovchilari bilan uchrashmoqda. 18-aprel, 2012-yil.

Barak Obama prezident saylovi kampaniyasi doirasida shtatma-shtat yurmoqda. Iqtisodiyot – eng ko’p tilga olinayotgan mavzu. Obamaning aytishicha, respublikachilarning Oq uyga kelishi o’rta sinf amerikaliklar iqtisodiy ahvolining og’irlashishiga sabab bo’ladi.

Obamaning saylov dasturida iqtisodiyot muhim o’rin egallaydi. Ogayoga qilgan tashrifi davomida shu narsa yaqqol ko’zga tashlandi.

Klivlend yaqinidagi Loreyn jamoat kollejida so’zlagan nutqida prezident AQSh ekonomikasining tekis rivojlanib borayotgani haqida gapirdi. Uning aytishicha, AQSh mehnat bozorida yangi ish o’rinlari mavjud, ammo ularni to’ldirishga malakali mutaxassislar yetishmayapti.

Bu yilgi saylov kampaniyasida ishsizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda iqtisodiy adolatsizliklarga chek qo’yish eng dolzarb masalalardan bo’ladi, deydi Obama.

“Ozchilik foydasini ko’radigan, ammo ko’pchilik qiyin kun kechiradigan iqtisodiyot kerakmi bizga? Yoki oddiy odamlar uchun birdek imkoniyatlar bo’ladigan, har bir odam o’z hissasiga yarasha ulush oladigan va hamma bir xil qonunlarga bo’ysunadigan iqtisodiyot quramizmi?” deydi Obama.

Prezident nazarida bo’lajak saylov raqobatdagi ikki qarashdan birini tanlash imkonini beruvchi jarayondir. Uning aytishicha, respublikachilar, agar saylansa, boylarning daromad solig’ini kamaytirishda davom etadi. Men esa iqtisodiyotni haqsizliklarga chek qo’ygan holda rivojlantirishni va o’rta qatlam aholiga yordam berishni istayman, deydi u.

“O’z qarashlarini oz bo’lsa ham o’zgartirish o’rniga, Vashingtonda o’tirgan va prezidentlik uchun kurash olib borayotgan bu respublikachilar eng boy amerikaliklar uchun soliqlarni kamaytirishni ko’zda tutuvchi byudjet tashabbusi bilan chiqmoqda”, deydi Obama.

Prezident bu so’zlari bilan Massachusets shtati sobiq gubernatori, hozirda prezidentlik uchun respublikachilardan yagona nomzodlikka asosiy da’vogar Mit Romnini nazarda tutayotgani aniq. Ogayo radiosida efirga uzatilgan suhbatda Romni Obamaning fikrlariga e’tiroz bildirdi. U avvalroq Shimoliy Karolina shtatida ham Obamani mamlakat iqtisodiyotini muvaffaqiyatli boshqara olmayotganlikda ayblagan edi.

Prezidentlik uchun respublikachi da'vogarlardan biri - Mit Romni.
Prezidentlik uchun respublikachi da'vogarlardan biri - Mit Romni.
“Barak Obamani yoqtirishingiz mumkin, lekin biz uni ortiq siylab turolmaymiz. Iqtisodni yuritishni biladigan, amerikaliklarni yaxshi maoshli ishlarga joylashtira oladigan boshqa odam topish vaqti keldi”, deydi Romni.

Kongressning Vakillar palatasi spikeri, Ogayodan saylangan respublikachi Jon Beynerning aytishicha, Obama respublikachilar bilan birga ekonomikani oyoqqa turg’azish ustida bosh qotirish o’rniga ko’p vaqtini saylov kampaniyasi bilan o’tkazmoqda.

“Mamlakat yuz tutib turgan jiddiy muammolarni har ikki partiya vakillari bilan birga o’tirib hal qilish o’rniga Obama oxirgi olti oyda mamlakatning bu burchagidan u burchagiga borib, saylov kampaniyasini o’tkazish bilan ovora bo’ldi”, deydi Beyner.

Obamaning bir kunlik saylov safari AQSh avtosanoati markazi bo’lgan Michiganga tashrif bilan nihoyasiga yetdi. Davlat rahbarining fikricha, so’nggi paytlarda Amerika avtomobil zavodlarida yana o’sish kuzatilmoqda. 2008-yilda boshlab qo’ygan ishimizni nihoyasiga yetkazishimiz uchun noyabrda menga ovoz bering, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG