Breaking News

Obama Yevropani Tramp NATOdan voz kechmaydi deya ishontirmoqda


AQSh va Gretsiya rahbarlari Afinada, 15-noyabr, 2016-yil
AQSh va Gretsiya rahbarlari Afinada, 15-noyabr, 2016-yil

Prezidentlik muddati tugayotgan Barak Obama seshanba kuni Gretsiyaga tashrif buyurdi. U yangi saylangan rahbar Donald Tramp Yevropadagi ittifoqchi davlatlar xavfsizligiga ko'z yummaydi, deya ishontirmoqchi.

Tramp saylov kampaniyasi paytida AQSh himoyasida bo’lgan NATO davlatlari xavfsizlik uchun kam pul ajratayotganidan norozilik bildirgan edi. Dushanba kuni Tramp bilan Oq uyda bir yarim soat gaplashgan Obamaning aytishicha, Tramp AQShning asosiy strategik aloqalarini saqlab qolishini aytgan.

Obamaga ko'ra, NATO ittifoqchi davlatlar xavfsizligi uchun juda muhim tashkilot.

AQSh rahbari NATO a'zolarini mudofaa xarajatlariga ko'proq mablag' ajratishga chaqirdi.

Bu borada Obama iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Gretsiya mudofaa uchun minimal normadan ko'proq pul sarflayotganini olqishladi.

"Agar Gretsiya NATOdagi moliyaviy majburiyatlarini eplayotgan bo'lsa, demak, boshqa a'zo mamlakatlarning ham bunga qurbi yetadi", - dedi Obama.

Tramp saylov kampaniyasida paytida Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash haqida gapirgan edi. Kreml bilan Ukraina va Suriya bo'yicha kelisha olmayotgan G'arb Vladimir Putin hukumatini sanksiyalar bilan jazoladi. Yevropa mamlakatlari Amerika Tramp rahbarligi ostida Rossiyaga bosimni tushirishidan xavotirda.

Qasamyod marosimiga hozirlanayotgan Tramp seshanba kuni Xitoy va Rossiya prezidentlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Tramp va Vladimir Qasamyod marosimiga hozirlanayotgan yangi rahbar shu hafta Xitoy va Rossiya prezidentlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Tramp va Putin ikki mamlakat munosabatlari eng quyi nuqtaga tushganini tan olib, aloqalarni yaxshilashga kelishib oldi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Tramp alyansdan voz kechmaydi, degan umidda.

"NATOning qudrati nafaqat Yevropa, balki AQSh uchun ham katta ahamiyatga ega", - dedi u.

Obama Gretsiya Bosh vaziri Aleksis Tsipras bilan iqtisodiy mavzuda gaplashgan. Afina inqirozga barham berish uchun xalqaro moliyaviy tashkilotlar va Yevropa Ittifoqidan milliardlab dollar yordam puli olgan, buning evaziga qator islohotlarni amalga oshirishi kerak. Biroq uchrashuv chog'ida Obama Gretsiyani qarzini yengillashtirish yoki bu mamlakatga qo'shimcha iqtisodiy yordam berish haqida og'iz ochmagan.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Obama Gretsiya bosh vaziridan mamlakat bandargohlarini Rossiya harbiy kemalariga yopib qo’yishni, qo’shni Makedoniyaga NATOga qo’shilishga to’siq qo’ymaslikni so’rashi kutilmoqda. Gretsiya tarixan Rossiya bilan iliq aloqalarga ega.

Chorshanba kuni AQSh prezidenti Germaniyada bo’lib, kansler Angela Merkel bilan uchrashadi, so'ng Peruga yo'l oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG