20-yanvar kuni Oq uyni Donald Trampga topshirayotgan Barak Obama prezident sifatida 18-yanvar kuni oxirgi matbuot anjumanini o'tkazib, jurnalistlar bilan xayrlashdi.
Obama yaqinda bir necha kishining gunohidan kechdi. Ular orasida josuslik va maxfiy ma'lumotlarni oshkor etganlikda sudlanib, qamalgan shaxslar ham bor. Harbiy sirlarni matbuotga uzatgani uchun 35 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Chelsi Menningning jazo muddati qisqartirilgan. May oyida erkinlikka chiqqanida atigi 7 yil qamoqda o'tirgan bo'ladi.
Jurnalistlarning bu boradagi savollariga javob berar ekan, Obama deydiki, u masalani obdon o'rganib keyin bu qarorga kelgan. Menning uzatgan ma'lumotlar "WikiLeaks" saytida fosh etilgan. Bu sayt rahbari Julian Assanj, prezident fikricha, e'tiborga arzimaydigan odam. Menning ishi yuzasidan chiqqan farmonga Assanjning zarracha aloqasi yo'q, deydi Obama.
Video: AQSh-Rossiya (ingliz tilida)
Barak Obama Trampni Rossiya bilan ishlashga, bu davlatning atom qurollarini kamaytirishga ko'ndirishga undadi. Ukraina manfaatlarini himoya qilishda davom etmoq zarur, lekin Kiyev va Moskva bir-biri bilan til topishishga majbur, dedi prezident.
AQSh Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilmasligi kerak; yirik davlatlar kichiklariga bosim o'tkazmasligi uchun global lider sifatida chora ko'rishi lozim, deya ta'kidladi Obama.
Tramp o'z atrofiga nafaqat aqlli va uddaburo, balki prezidentga achchiq haqiqatni aytishdan qo'rqmaydigan odamlarni to'plashi kerak, deydi Obama. Davlat rahbari maslahatchilariga tayana olishi lozim.
Video: Prezident Obama sobiq prezident Jorj Bush va uning rafiqasi Barbara kasalxonada ekanini tilga olib, ularga salomatlik tiladi (ingliz tilida)
O'nlab demokrat qonunchilar Trampning inauguratsiyasida qatnashmoqchi emas. Prezident Obama va rafiqasi Mishel esa bu marosimdagi oliy mehmonlar.
Har bir siyosatchi bu borada o'zi qaror qiladi, deydi Obama. Lekin prezident Amerika xalqi birdamlik va hamjihatlik tarafdori ekanini eslatdi. Hokimiyat o'zgarishi tarixiy jarayon. Demokratiyaga bosh egish zarur, deydi u.
Prezident jurnalistlarga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
"Sizsiz demokratiya bo'la olmaymiz. Sizning tekshiruv va savollaringiz bizni mas'uliyat bilan ishlashga, javobgarlikni bo'ynimizga olishga va xalqqa hisobot berib turishga undaydi.
Jurnalistlar haqiqat, adolat va erkinlik kuychilaridir, dedi Obama.
Tramp jurnalistlarga nisbatan nafrati bilan tanilgan. Ko'plab muxbir va diktorlarni u shaxsan nishonga olib, la'natlaydi, ularni yerga uradi.
Buni bilgan Obama matbuot xodimlarini o'z prinsiplarida qattiq turib, kasbiy mahoratlarini namoyish etishga, xalqqa xizmat qilishga chaqirdi.
Obama yangi prezidentga yaqindan yordam berib, ishini boshlab olishi uchun qo'ldan kelgan barcha harakatni qilayotganini aytdi. Tramp bilan saylovdan keyin ko'rishgan, telefonda bir necha bor gaplashgan.
Biroq orada kelishmovchiliklar, tabiiyki, talay. Demokrat va respublikachilar biror masalada bir yoqadan bosh chiqara olmaganidek, Obama va Tramp ham tubdan farq qiluvchi shaxslardir.
Tramp Obama davrida boshlangan islohotlarni to'xtatmoqchi, farmonlarni bekor qilib, ko'plab dasturlar va loyihalarni chetga surmoqchi. Obama Vashingtonda yashashda davom etadi va o'z jamg'armasini ishga tushirish bilan band bo'ladi. Shuningdek, u siyosiy sahnadan umuman uzoqlashib ketmoqchi emas. Yurtdoshlarini faol fuqaro bo'lishga undayotgan Obama adolatsizlik va nomaqbul ishlar yuzasidan sukut saqlamoqchi emas. Tramp prezidentligi hamma uchun sinov, deydi Obama, loqaydlik va umidsizlikdan hech kimga foyda yo'q.
Bosiq, vazmin va chuqur mulohazali rahbar sifatida tanilgan Barak Obama hissiyotsiz odam emasligini aytadi.
"Ba'zida qattiq jahlim chiqadi, qattiq so'kinib ham turaman, hatto boshqalarni urishaman, boshqalar singari asabiylashaman",- deya tan oladi u.
Trampga nisbatan qo'rqinch va xavotir bilan qarayotgan yurtdoshlarini u harakatga, faollikka, biror vaziyatdan norozi bo'lsalar, chora izlashga undadi.
"Men siz bilanman, biz yolg'iz emasmiz", - dedi u Oq uydagi so'nggi chiqishida.