AQSh prezidenti Barak Obama Eron yadro qurolini qo’lga kiritmasligi uchun barcha choralar ko’rilishini ta’kidlab keladi. Uning kelasi hafta Yaqin Sharqqa safari, xususan, Isroilga tashrifi chog’ida shu masala yana tilga olinishi kutilmoqda.
Obama Isroilning “2-kanal” televideniyesiga bergan intervyusida Eron yadro qurolini yaratishi uchun bir yildan ortiq vaqt ketishini aytgan. Ammo Eron qachon bunday qurol yaratishga jazm qilishi mumkinligi haqida AQSh va Isroil taxminlari bir xil ekani ma’lum emas.
Obama Isroilning “2-kanal” televideniyesiga bergan intervyusida Eron yadro qurolini yaratishi uchun bir yildan ortiq vaqt ketishini aytgan. Ammo Eron qachon bunday qurol yaratishga jazm qilishi mumkinligi haqida AQSh va Isroil taxminlari bir xil ekani ma’lum emas.
Yaqinda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eron Isroil aniqlagan xavfli chegarani kesib o’tishga yaqin turgani haqida ogohlantirgan.
Obama diplomatik sa’y-harakatlarni afzal ko’rsa-da, Tehron yadro qurolini qo’lga kiritmasligi uchun har qanday choraga qo’l urilishi mumkinligi haqida gapiradi.
“Barcha choralarni nazardan qochirganimiz yo’q. AQShning bunday ishlarga kuchi yetadi. Maqsadimiz Eronning yadro qurolini qo’lga kiritishiga yo’l qo’ymaslik. Bu Isroil xavfsizligiga tahdid solib, mintaqada qurollanish poygasining boshlanishiga turtki bo’ladi”, - dedi AQSh rahbari.
Obamaning aytishicha, muammoni tinch yo’l bilan hal etish haqidagi takliflar cheksiz emas va Eron bu imkoniyatdan foydalanib qolishi kerak.
AQSh rahbarining Yaqin Sharqqa uyushtirayotgan safari faqat Eron masalasi bilan cheklanmagan. Prezident avval Quddusga tashrif buyurib, so’ng G’arbiy Sohildagi Ramallohga va Iordaniyaga o’tishi rejalangan.
Obamaning Quddusda isroilliklar oldida nutq qilishi kutilmoqda. Ammo Isroil va Falastin mojarosini hal etish bo’yicha AQSh rahbaridan yangi tashabbus olg’a surilishi taxmin qilinmayapti.
Oq Uy rasmiysi Ben Rodzning aytishicha, Obama Yaqin Sharq safarini oldindagi muhim vazifalarni boshlash oldidan muzokaralarga tayyorgarlik sifatida ko’radi. Isroil mintaqadagi o’zgarishlarni hisobga olishi kerak, deydi u.
“Isroil-Falastin muammosi hamda kengroq Arab-Isroil munosabatlari haqida gap ketganda, Isroil regiondagi o’zgarishlarni hisobga olib, kengroq ommaga chiqishning maqbul yo’llarini topishi kerak”, - deydi Oq uy rasmiysi.
Obamaga safari chog’ida Davlat kotibi Jon Kerri hamrohlik qiladi. Kerri yaqinda amalga oshirgan 9 kunlik safari davomida ham mintaqada bo’lib qaytgan edi.