Breaking News

Obama: Taraqqiyotimiz Osiyo bilan uzviy bog'liq


Prezident Barak Obamaning aytishicha, AQSh Osiyoni o’z manfaatlari uchun strategik ahamiyatga ega deb belgilagan va bu mintaqadagi davlatlar bilan aloqalarni kuchaytirishda davom etadi.

Amerika rahbari bu haqda Laosga safari chog’ida so’zladi. Joriy asr mobaynida Osiyo-Tinch okeani AQSh uchun ham, dunyo uchun ham ahamiyati oshib boraveradi, deydi Obama.

Prezident Laosda yuzlab rasmiylar, tadbirkorlar, talabalar, fuqarolik jamiyati va xotin-qizlar huquqlarini himoya qiluvchi faollar oldida nutq so’zladi.

AQSh va Yaponiya mudofaa bobida yangicha hamkorlikka kelishib olgan, bu o’z navbatida mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytiradi.

"Janubiy Koreyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatiladi. U Shimoliy Koreyadan keladigan yadro qurollarini yo’q qilishga qaratilgan. Pxenyan provokatsiyalarni davom ettiraversa, xalqaro hamjamiyatdan yakkalanib qolaveradi", - dedi Barak Obama.

AQSh taraqqiyoti Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bilan uzviy bog’liq. Ayni paytda bu strategiya Xitoyni jilovlashga qaratilgani ham sir emas. Ammo bu davlat bilan qator sohalarda hamkor.

“Oramizda jiddiy tafovutlar bor, masalan, inson huquqlari himoyasi masalasida. Lekin o’zaro manfaatlarimizni olg’a surish uchun birga ishlay olishimizni ko’p marta namoyish etganmiz. Jumladan, Eron yadro programmasi, Koreya yarimorolini qurollardan tozalash va iqlim o’zgarishi bobida”, - deya sanab o’tdi AQSh rahbari.

Amerika va Laos iqtisodiyot, texnologiya, ta’lim, xavfsizlik, ekologiya va inson huquqlariga doir masalalarda hamkorlik qilishga kelishib oldi. Vyetnam urushi paytida AQSh harbiylari tomonidan tashlanib portlamay qolgan bombalardan tozalash ishlari uchun Laosga 90 million dollar ajratiladi.

Bu Barak Obamaning Osiyoga prezident sifatida so'nggi safaridir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG