Breaking News

Amerikaliklar: Liviyadagi missiya qisqa muddatli va cheklangan bo’lsin


Amerikaliklar: Liviyadagi missiya qisqa muddatli va cheklangan bo’lsin
Amerikaliklar: Liviyadagi missiya qisqa muddatli va cheklangan bo’lsin

Amerikada o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, bu davlat fuqarolari orasida Liviyadagi harbiy harakatlarga qarshilik kuchli. Prezident Barak Obamaning reytingi tushib ketgan.

Aniqroq qilib aytganda, amerikaliklar Liviya xalqiga hamdard va ularni himoya qilish uchun harbiy kuch qo’llansin deydi, lekin Amerikaniki emas.

Barak Obama yaqinda o’z xalqiga murojaat qilib, Muammar Qaddafiyga qarshi harakatlar xalqaro missiya ekanini va maqsad qirg’inni to’xtatish ekanini tushuntirdi. Bu omma fikrini qanchalik o’zgartirgani noma’lum.

“Amerikaliklar bunday bayonotlarga shubha bilan qaraydigan bo’lib qolgan”, - deydi tadqiqotchi Piter Braun.

Shunday ekan, Obama xalqaro hamjamiyat Liviya rahbariga qarshi chora ko’rishga majbur bo’lganini qayta-qayta eslatmoqda.

“Davlatlar birgalikda nimaga qodir ekanini ko’rsatdi. Liviyadagi dahshatni ko’ra turib, qo’l qovushtirib o’tira olmas edik”, - deydi u.

So’rov mualliflarining aytishicha, o’zi Afg’oniston va Iroqdagi urushlar Amerika ommasiga ortig’i bilan yetib turibdi.

“Bu urushlardan maqsad nima? Nimaga erishdik? Iroq va Afg’oniston yetmaganidek, endi Liviyada ham majburiyat olayapmizmi, deb so’rayotganlar bir dunyo”, - deydi olim Piter Braun.

AQSh Kongressida Liviya borasidagi fikrlar turlicha. Jon Makkeyn singari yetakchi respublikachilar nazarida Muammar Qaddafiydan nima qilib bo’lsa ham tezroq qutulish kerak.

“Ittifoqchilar havo hujumlari bilan bunga erisha olmasa, qonli mojaro uzoq davom etishi mumkin”, - deydi senator Makkeyn.

2012 yilda Oq uyga saylanishni ko’zlayotgan respublikachi nomzodlar prezidentni Yaqin Sharqda yangi harbiy front ochganlikda ayblaydi.

“Obamaga qo’yib bersangiz, u insonlar hayoti xavf ostida deb qo’zg’olonni boshdan kechirayotgan boshqa davlatlarga ham kirib boradi, - deya ta’kidlaydi Kongress a’zosi Mishel Bakman.

Aksar demokratlar Obamani qo’llab-quvvatlaydi. Orasida tashqi siyosatni savolga tutayotganlar ham yo’q emas.

“Amerikaning o’zida ahvol xarob”, - deydi qonunchi Denis Kusinich. “Biz esa ajdarhonining boshini olamiz deb chetda yana bir mashmasha boshlab qo’ydik”.

Tarixchi olim Stiven Xess bu so’zlarga qo’shiladi. Uning kuzatishicha, ko’pchilik hozir iqtisodiy va moliyaviy muammolar, ish qidirish bilan band.

“Liviyadagi missiya qisqa muddatli va cheklangan bo’lsa, ya’ni havo hujumlaridan nariga o’tmasa bo’lgani. Omma urushlargan to’yganini tushunsa bo’ladi”.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, ayni damda fuqarolarning atigi 42 foizi prezident Obamaga ijobiy baho beradi. Yarim aholi uning yana bir muddatga saylanishiga qarshi.

Prezident, deydi ular, iqtisodiyot, byudjet kamomadi va tashqi siyosatni eplay olmayapti.

XS
SM
MD
LG