Breaking News

NATO Rossiya tahdidiga qarshi chora ko'radi, deydi Obama


Tallin, Estoniya, 3-sentabr, 2014
Tallin, Estoniya, 3-sentabr, 2014

Prezident Obama Estoniyaga safari chog’ida Rossiya tahdidi haqida so’zlar ekan, Boltiqbo’yi mamlakatlariga qo’shimcha harbiy samolyotlar yuborilishi haqida ma’lum qildi.

Unga ko’ra, NATOga a’zo 28 mamlakat alyans salohiyatini kuchaytirish uchun tashkilotga ajratiladigan moliyaviy hissasini oshirishi lozim.

NATO qoidasiga ko’ra, har bir a’zo davlat yalpi ichki mahsulotining ikki foizini alyans g’aznasiga o’tkazishi zarur.

Estoniya ko’pdan beri NATOdan o’z hududida harbiy baza ochishni so’rab keladi.

Obama Tallinda qo’shni Litva va Latviya rahbarlari bilan ham muloqot qilgan. Boltiqbo'yi prezidentlarning hammasi ingliz tilida bemalol so'zlashgani bois muzokaralar juda samimiy va ko'tarinki ruhda kechgani aytiladi.

Obama Rossiyani Ukraina hududiy yaxlitligini, uning suverenitetini buzganlikda ayblab keladi.

Bo'ltiq dengizi bo'yidagi uch davlat NATO a'zosi va alyans ularni Rossiya tahdididan himoya qiladi, deydi AQSh prezidenti.

"Estoniya, Litva va Latviya NATO bilan ekan, o'z mustaqilligidan hech qachon ayrilmaydi",- dedi Obama bugun Tallinda ikki ming odam oldida gapirar ekan.

Uning fikricha bu davlatlar NATOga kirib uni mustahkamlagan va blok maqsadlarini tushunadi.

Obama Estoniya prezidenti Tumas Xendrik Ilves bilan birga matbuot anjumani berdi.

Bu mamlakat havo kuchlari Amerikadan katta miqdorda yordam olishi xususida gap ketdi. AQSh rahbari nazarida Estoniyaning Amari havo bazasi NATO uchun juda qulay obyekt.

Prezidentlar Obama va Ilves, Tallin, 3-sentabr, 2014
Prezidentlar Obama va Ilves, Tallin, 3-sentabr, 2014

Kollektiv xavfsizlikni ta'minlash - asosiy maqsad, deydi Ilves.

"Bu haqda gap bo'lishi mumkin emas va bu maqsad o'zgarmas, abadiy. Estoniya yolg'iz emas va bundan bo'lmaydi ham",- deydi Obama.

Obama Estoniya rahbari Tumas Xendrik Ilves, Latviya rahbari Andris Berzinsh va Litva rahbari Daliya Griboskayte bilan, Tallin, 3-sentabr, 2014
Obama Estoniya rahbari Tumas Xendrik Ilves, Latviya rahbari Andris Berzinsh va Litva rahbari Daliya Griboskayte bilan, Tallin, 3-sentabr, 2014

Litva prezidenti Daliya Griboskayte deydiki, Rossiya naqadar yovuzligini isbotlab kelmoqda.

"Ukraina hozir front hammamiz uchun va jiddiy choralar ko'rishimiz kerak",- deydi u.

Latviya rahbari Andris Berzinsh esa mamlakati Amerika kuchlari uchun ochiq va muddati cheklanmagan.

Ertaga Uelsda NATO sammiti ochiladi va mavzu muhokamasi davom etadi.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko yig'inda qatnashadi.

Sentabr oyining o'rtalarida Amerika va NATO kuchlari Ukrainada harbiy mashqlar o'tkazadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG