AQSh prezidenti Barak Obama Qirg’iziston rahbariyatini janubdagi fojia takrorlanmasligi uchun qo’chimcha choralar ko’rishga chaqirmoqda.
Obama Nyu-Yorkda BMT anjumanida Roza Otunbayeva bilan muloqot qilgan.
“So’nggi bir necha oy davomida fuqaro jamiyatini mustahkamlash yo’lida amalga oshirgan ishlaringiz tahsinga sazovor”, deydi AQSh rahbari, matbuotga qo’yilgan cheklovlar olib tashlangani, yangi konstitutsiya bo’yicha referendum muvaffaqiyatli o'tgani va kelasi oygi parlament saylovlarini tilga olar ekan.
Obama-Otunbayeva uchrashuvida Qirg’iziston janubidagi ahvol va xolis tergov o’tkazish zaruriyati muhokama qilingan.
“Zo’ravonlik takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik hozir muvaqqat hukumat oldidagi asosiy vazifa. Janubda nima bo’lganini mustaqil xalqaro komissiya tekshirishi kerak”, - deydi Barak Obama.
Oq uy bayonotiga ko’ra, Roza Otunbayevadan shuningdek Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti politsiyachilar guruhini mamlakatga kiritish so’ralmoqda.
Qo’shma Shtatlar Qirg’iziston taraqqiyoti uchun bu yili 58 million dollarga teng yordam va’da qilgan. Gumanitar loyihalar, uy-joysiz qolgan aholiga sharoit yaratish, fuqaro jamiyati rivoji va boshqa keng qamrovli maqsadlar uchun.
AQSh Mudofaa vazirligi, Pentagonning bildirishicha, Manas bazasi ijarasi uchun Qirg’izistonga 2010 yilda 100 million dollardan oshiq haq to’langan. Manas tranzit markazi alohida gumanitar dasturlarni ham yuritadi. Ko’mak miqdori bu yili 1,7 million dollarni tashkil etmoqda.