Dunyodagi eng kuchli davlatni boshqarish naqadar muqaddas, murakkab va mas'uliyatli vazifa ekanini qayd etadi.
"Siz meni yaxshiroq prezident, yaxshiroq inson qildingiz", - deydi Obama.
Prezident xalqidan minnatdor. Demokratiya xalq irodasiga asoslanadi, deya yozdi u.
"O'tgan sakkiz yil mobaynida siz men uchun yaxshilik, matonat va umid manbai bo'ldingiz. Menga kuch berdingiz".
Obama AQShda va jahonda iqtisodiy inqiroz avj olgan bir davrda hokimiyatga keldi. Uning davrida Amerikada ko'p qon to'kildi. Har yili bir necha joyda ommaviy otishmalar, yoppasiga qotilliklar, irqchilikka asoslangan jinoyatlar, terror xurujlari sodir etildi.
Iroq va Afg'onistondagi urushlar rasman tugadi, ammo dunyoning qaynoq nuqtalarida vaziyat yanada og'irlashdi. Millionlab qochqinlar G'arb tomon madad so'rab kela boshladi. Davlatlar, jumladan AQSh ularga yetarlicha yordam bera olmadi.
Obama xalqqa yozgan xatida mamlakatni tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, iqtisodiy taraqqiyotni davom ettirish yo'lida qo'lidan kelgan barcha harakatni qilganini aytib, yurtdoshlariga g'ayrat va sabr-toqat tiladi.
Har qanday muammoni hal eta olamiz, har qanday cho'qqini zabt eta olamiz, deya prezidentlikka kelgan Obama Oq uydagi oxirgi kunida ham xalqqa shunday mazmunda murojaat qildi:
"Progress sekin lekin bir narsani yodda tuting: Amerika bir inson mehnatining mahsuli emas. Yer yuzidagi eng qudratli davlatda eng qudratli so'z bu - biz. Biz - xalq. Biz hamma narsaga bardosh bera olamiz. Biz har qanday qiyinchilikni yenga olamiz".