Yahudiy olami pasxa, ko’klamda o’tadigan bir haftalik diniy bayramni nishonlar ekan, AQSh rahbari Barak Obama va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu kecha telefon orqali gaplashib olgan.
Obama Isroil ahlini muborakbod etmoqda. Tomonlar shuningdek, boshi berk ko’chaga kirib qolgan Yaqin Sharq tinchlik muzokaralari, terrorizmga qarshi kurash yuzasidan fikr almashgan.
Pasxa munosabati bilan Oq Uyda bayram dasturxoni yozilib, mehmonlar chaqirildi. Obama yahudiylarga tabrik yo’llar ekan, bu ayyom ozodlikni sharaflashini aytib, Isroil xalqiga tinchlik, farovonlik tiladi.
Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni so’zlariga ko’ra, Obama va Netanyaxu AQSh-Isroil aloqalari, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik, Isroil-Falastin muzokaralari va G’azoda yaqinda kechgan to’qnashuvlarni muhokama qilib olgan.
Tomonlar Qo’shma Shtatlar yordamida Isroilda qurilayotgan mudofaa tizimi haqida ham to’xtalgan. Bu sistema Isroilni raketa hujumlaridan himoya qilishni ko’zlaydi.
Isroil-Falastin muloqoti jilmay turgan bir pallada o’rtada vositachi Obama ma’muriyati endi qanday yo’l tutadi?
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton tinchlik yo’lidan qaytish yo’q, deydi.
“Arab dunyosida kezayotgan erkinlik shukuhi, qo’z’golonlar sizga saboq”, - deydi Klinton.
“Isroil va Falastin muzokara stoliga qaytishi kerak. Xalq sabr-toqati cheksiz emas”. – deydi vazira. “Yahudiylar yurti tinchligi va bo’lajak Falastin davlati taqdiri murosaga bog’liq”, - deydi u.
Prezident Barak Obama yaqin kunlarda AQShning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga doir siyosati haqida batafsil ma’ruza qilishi kutilmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu ham kelasi hafta Vashingtonga kelib, o’z tashabbuslarini bayon qiladi.
“Falastin Isroilni davlat sifatida tan olishi va uni tinch qo’yishi kerak. Shunda bo’lg’usi Falatin davlati haqida gapirish mumkin bo’ladi”, - deydi Netanyaxu.