Breaking News

Filippin Obamani namoyishlar bilan kutib oldi


AQSh prezidenti Barak Obamaning Filippinga tashrifi chog’ida so’lchi faollar Amerikaning bu mamlakat bilan harbiy hamkorlik to’g’risidagi yangi bitimi bo’yicha norozilik bildirib, poytaxt Manilada namoyish uyushtirdi.

100 ga yaqin odam politsiya bilan to’qnashgani aytiladi. Namoyishga salkam ming kishi chiqqan. Faollarga ko’ra, 1990-yillar boshida mamlakatda Amerika harbiy bazalari yopilganidan keyin qo’lga kiritilgan yutuqlar boy berilmoqda. Filippin avval Ispaniya, so’ng Amerika mustamlakasi bo’lgan.

Namoyish tashkilotchilaridan biri, Yangi Vatanparvar ittifoqi partiyasi rahbari Renato Reysning aytishicha, AQSh elchisi va Filippin mudofaa vaziri imzolagan yangi kelishuv mamlakat mustaqilligini cheklaydi.

Obamaga ko’ra, bitim qo’shma harbiy mashqlar va amaliyotlarni olib borishga qaratilgan bo’lib, tabiiy ofat va terrorga qarshi kurash sohalarini o’z ichiga oladi.

AQSh prezidenti bitim Xitoyga ham qarashi qaratilmagan, deya ishontirishga harakat qildi. Ma'lumki, Xitoy va Filippin Janubiy Xitoy dengizdagi ayrim orollarni talashib keladi va Manila Pekin bosimidan cho'chimoqda.

Xavfsizlik bitimi 10 yilga mo'ljallangan bo'lib, unga ko'ra AQSh harbiylari, harbiy kemalari va qiruvchi samolyotlari Filippin bazalaridan foydalanishi mumkin bo'ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG