Breaking News

Siyosiy mojarolar Obamaning obro'siga putur yetkazdi


AQSh prezidenti Barak Obama
AQSh prezidenti Barak Obama
Barak Obamaning ikkinchi prezidentlik muddatiga saylanganiga yaqinda yarim yil to’ladi. Shu o’tgan muddat ichida prezident idorasi bir necha siyosiy mashmashaga yuz tutdi. Natijada Obamaga bildirilgan ulkan ishonch va xalqdagi orzu-umidlarga darz ketgandek bo’ldi.
Obama siyosati, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00
Yuklab oling


So’nggi kunlarda Obama, asosan, o’zini himoya qilayotgandek gapiryapti. Ayniqsa, fuqarolarning telefon qo’ng’iroqlarini kuzatgan maxfiy dastur oshkor bo’lgach, prezidentga nisbatan tanqidlar kuchaydi.

Obamadan hatto Yevropa safarida ham shu haqda so’rashdi.

“Muvozanatni saqlab, odamlarimiz xavfsizligini ta’minlashga qodirmiz. Bunga ishonchim komil. Ayni paytda internet asrida ham fuqarolar erkinligini saqlab qolamiz”, - dedi Obama.

Xavfsizlik vajidan fuqarolarning qo’ng’iroqlari va internetdagi muloqotlari kuzatilgan. Bu oshkor bo’lgach, Obamaning ta’bini tirriq qilgan katta mashmasha boshlanib ketdi.

Bu payt ma’muriyat hali soliq idorasiga bog’liq ayblovlardan qutilmagan edi. Konservativ guruhlarning aytishicha, hukumatning soliq idorasi ularning notijorat tashkilotlarini siyosiy jihatdan muxolif bo’lgani uchun alohida tekshiruvdan o’tkazgan. Shuningdek, respublikachilar Obama ma’muriyatini Bing’ozida elchi o’limiga sabab bo’lgan zo’ravonlikning oldini ololmaganlikda ham ayblaydi.

Respublikachi senator Ted Kruz hukumatning ashaddiy tanqidchilaridan.

“Bu ochiqdan ochiq mansabni suiiste’mol qilish. Obama o’z vakolatlaridan mas’uliyatsizlarcha foydalanib, Amerika xalqini aldashda davom etayotganidan dalolat”, - deydi u.

Tahlilchi Styuart Rozenbergning aytishicha, siyosiy mojarolar sabab Obamaning muhim masalalar bilan shug’ullanishga vaqti qolmayapti.

“Ommaviy axborot vositalarining ham mavzuga yondashuvi o’zgardi. Ular hozir Oq Uy nimalarni bilgan, hukumat nima qilgan, deb so’rayapti. Hukumat haddidan oshyaptimi? Xavfli ishlar bilan bandmi? Bu esa aynan respublikachilar xohlagan narsaning o’zi. Nazarimda, prezident jiddiy muammo bilan yuzlashgan. U shu muammolar bilan o’ralashib qolyapti. Bu esa respublikachilarga tanqidni kuchaytirish uchun imkoniyat yaratyapti”, - deydi tahlilchi.

Yana uning aytishicha, ko’plab prezidentlar ikkinchi muddat davomida shunday muammolarga duch keladi.

“Qandaydir siyosiy toliqish kuzatilmoqda. Bu narsa bir partiya 8 yil Oq uyni boshqarganda kuzatiladigan holat”, - deydi u.

Siyosiy mojarolar Vashingtondagi partiyalar o’rtasidagi bo’linishni yanada kengaytirdi. Obamaning Kongressga o’z so’zini o’tkazishi har qachongidan ham qiyinlashgan.

Siyosiy tadqiqotchi Jon Fortier fikricha, ikkinchi muddatga saylangan prezidentlar ko’proq tashqi siyosatga urg’u beradi, chunki ichki masalalarda ularning ta’sir doirasi torayadi.

“Siz, ko’pincha, ikkinchi muddat davrida, prezidentlarning tashqi siyosatga e’tiborni kuchaytirganiga guvoh bo’lasiz. Chunki Kongress, odatda, ikkinchi partiyaning qo’lida bo’ladi. Shuning uchun ular ichki siyosatda o’z maqsadlarini amalga oshirishi qiyin bo’ladi. Shuningdek, bu prezidentlarning xalqaro sahnada ham tajribasi oshganidan dalolat”, - deydi Fortier.

Siyosiy g’alvalar Obamaning obro’siga putur yetkazmoqda. So’nggi so’rovlarning ko’rsatishicha, amerikaliklarning prezidentga bo’lgan ishonchi sakkiz foizga kamaygan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG