Kecha AQShga tashrif buyurgan Rim Papasi Fransisk bugun Oq uyda Prezident Barak Obama bilan uchrashdi. Dunyo katoliklari yetakchisining safariga Amerikada katta urg'u berilyapti. Fransisk, shuningdek, Vashington cherkovidagi ibodatda ham qatnashadi, shu hafta Nyu-York va Filadelfiyaga boradi.
Nasroniy dunyosining eng ko'p sonli vakillari bo'lgan katoliklar rahnamosini Oq uy oldida 15 ming odam kutib oldi.
Fransisk va Obama avval bayonot qildi.
Obamaning aytishicha, Amerikaning 70 million katolik aholisi papaning tashrifidan baxtiyor. AQSh rahbari Katolik cherkovi va ruhoniylari, xodimlarining Amerikada yo'qsillarga qilayotgan yordamini yuqori baholadi.
Asli argentinalik 78 yashar papa Obama bilan dunyo muammolarini muhokama qilgan. Xususan, ikki arbob ijtimoiy adolatni o'rnatish, yo'qsillarga yordam berish, dekabrda Parijda bo'ladigan yirik xalqaro anjumandan oldin iqlim o'zgarishiga qarshi kurash haqida ham gaplashgan.
AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisining o'rinbosari Ben Roudsning aytishicha, papa tabiatni asrashda insonlarni mas'uliyatli bo'lishga da'vat etadi.
Fransisk papalikka kelganidan beri ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikka qarshi kurashib keladi. Xususan, kecha Kapitoliyda kam maoshli ishlarda ishlaydigan yuzlab xizmatchilar ishini tashlab, yaqin atrofdagi katolik cherkovi yonida namoyish qildi, minimal maoshni soatiga 15 dollarga ko'tarishni talab qildi.
Fransisk ozchilikdagi diniy guruhlarning ayrim mamlakatlarda ta'qib etilishini ham qoralab keladi, ayniqsa Yaqin Sharqda "Islomiy davlat" jangarilarining nasroniylar va yazidiylarni nishonga olishini. Oq uyning bildirishicha, Qo'shma Shtatlar ham diniy erkinlikni targ'ib qilishni tashqi siyosatining asosiy maqsadlaridan qilib olgan.
Uchrashuvda immigratsiya, Eron yadro dasturi, AQSh va Kuba o'rtasida aloqalarning yaxshilanishi haqida ham gaplashilgan. Kommunistik orolda bo'lib qaytgan papa unga qo'yilgan savdo embargosining bekor qilinishiga chaqirgan.
Ikki davlat munosabatlarining tiklanishida Vatikanning roli katta. Buni bugun Obama ham Oq uydagi bayonotida alohida ta'kidlab o'tdi.
"Qonli mojarolarga qarshi da'vatlaringizni, urushlarni diplomatiya orqali hal etishga qaratilgan chaqiriqlaringizni yuqori baholaymiz", - dedi Obama.
Rim papasi bayonotini ingliz tilida berdi. U AQShning jahondagi roliga to'xtalib, ko'p jihatlarini olqishladi.
Bugun Vashington markazidagi maydonda Fransisk o'n minglab odam oldida ma'ruza qiladi, Amerikadagi yetakchi katolik ruhoniylar bilan birga ibodat qiladi.
Papa va Obama ilk bor 2014-yil martida Vatikanda ko'rishgan.
Ertaga Fransisk AQSh Kongressining har ikki palatasi oldida ma'ruza qiladi. Juma kuni esa Nyu-Yorkka yo'l olib, BMT Bosh Assambleyasida ham nutq so'zlaydi. Shanba kuni u Filadelfiyadagi tadbirda, yakshanba kuni esa ko'chada ikki million odam ishtirokidagi ibodatda qatnashadi.