Prezident Barak Obama dunyoda matbuot erkinligini qo’llab-quvvatlashga doir qonun loyihasini imzoladi. Hujjat matbuotni cheklayotgan, ommaviy axborot vositalariga qarshi hujumlarga ko’z yumayotgan davlatlarni nishonga oladi.
Bu qonun 2002 yilda Pokistonda o’g’irlanib, qatl etilgan amerikalik jurnalist, “Vol Strit Jornal” gazetasi muxbiri Daniel Perl sharafiga nomlandi.
AQSh Kongressi ma’qullab, prezident Barak Obama imzolagan qonunga binoan, Davlat departamenti dunyoda matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyatni muntazam kuzatib boradi.
Ommaviy axborot vositalarini tahqirlayotgan yoki bunga befarq turgan hukumatlar qaysi? Jurnalistlar himoyasi uchun qanday chora ko’rilmoqda? Muxbirlarga hujum qilgan yohud o’ldirgan jinoyatchilar jazosini topayaptimi? Bari hisobga olib boriladi.
Prezident Obamaning aytishicha, bu loyiha AQSh uchun qimmatli qadriyat – matbuot erkinligini himoya qiladi. Qo’shma Shtatlar qalam ahlini, jonini xavf ostiga qo’yib ishlayotgan jurnalistlarni xatardan pana qilishga tayyor, deydi prezident.
Obama qonunni imzolar ekan, marosimda Daniel Perlning ota-onasi, rafiqasi, otaning dahshatli o’limidan uch oy o’tib dunyoga kelgan farzandi ham qatnashdi.
Nufuzli nashr – “Vol Strit Jornal” gazetasi muxbiri bundan sakkiz yil oldin Pokistonda jangarilar tomonidan vahshiylarcha qatl etilgan. Jarayon video-tasmaga olinib, AQShning bu davlatdagi konsulligiga eltilgan, voqea jahon ahlini larzaga solgan edi. Shu hafta kuchga kirgan hujjat mana shu jurnalistning nomi bilan ataladi.
Qonun talabi shuki, Amerika Tashqi ishlar vazirligi ommaviy axborot vositalari, jurnalistlarga qarshi hujumlarni kuzatib borishi kerak. Uni kim sodir etmoqda? Hukumatlar, harbiylar, razvedka, politsiya yoki jangarilar… Bu bosim, zo’ravonlik xatlab boriladi.
“Daniel Perlning o’limi barchaga saboq bo’lishi kerak”, - deydi Barak Obama. “Matbuot erkinligi o’ta nozik ne’mat. Uni bo’g’ayotgan davlatlarni diqqat bilan kuzatib borayapmiz”,- deydi u.