Breaking News

Obama: "Islomiy davlat" jurnalistni o'ldirib, bizni qo'rqita olmaydi


Stiven Sotloff, amerikalik jurnalist, o'tgan yildan beri asirda edi
Stiven Sotloff, amerikalik jurnalist, o'tgan yildan beri asirda edi

Prezident Obama Iroqda amerikalik jurnalistning qatl etilganini keskin qoraladi.

Uning aytishicha, Stiven Sotlofni o’ldirganlar o’z murodiga yeta olmadi, chunki AQSh va butun dunyo ularning vahshiyligidan jirkanadi va do’q-po’pisalaridan qo’rqmaydi.

Ularning jirkanch harakatlari bizni birlashtiradi va ularga qarshi kurash uchun qat’iyatimizni kuchaytiradi.

"Amerikaliklarga zarar yetkazganlar shuni bilsinki, biz buni unutmaymiz. Qo’limiz uzun, jazolaymiz", - dedi Obama.

Sotlof Islomiy Davlat tomonidan qatl etilgan. Manzara tushirilgan videoni o’rgangan AQSh razvedkasi mutaxassislari uning haqiqiy ekanini tasdiqladi.

Jangarilar nazarida jurnalist AQShning jihodchilarga qarshi havo hujumlari uchun qatl etilgan. Bir necha kun oldin boshqa bir amerikalik muxbir Jeyms Foli ham aynan shu tarzda o’limga mahkum etilgan edi.

Jangarilar endi britaniyalik asiri Deyvid Xeynsning ham boshini olmoqchi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham kechagi voqeani qoralagan.

Obama deydiki, AQSh Iroqda jihodchilar pozitsiyalarini havodan o’qqa tutib, jangarilarning shashtini pasaytirgan. Guruhni yakson qilish uchun mintaqaviy strategiya ishlab chiqish kerak, deydi u.

Estoniyaga safar qilgan Obama jurnalistlar bilan muloqot chog’ida shunga urg'u berdiki, AQSh "Islomiy davlat" ning vahshiyona va bo’sh maqsadlariga qarshi kurashda davom etadi.

U xalqaro hamjamiyatni bu ishda hamkorlik qilishga chaqirdi. Guruhning moliyaviy va harbiy qudratini zaiflashtirish kerak, dedi u.

AQSh rahbariga ko’ra, bunga vaqt kerak. Shu hafta Uelsda bo’ladigan NATO sammitida alyansga a’zo davlatlar rahbarlari bu va boshqa masalalarni ham muhokama qiladi.

Kecha Bag’doddagi AQSh elchixonasi xavfsizligini oshirish uchun Iroqqa qo’shimcha 350 askar yuborilgan. Ular Iroqdagi harbiy harakatlarda qatnashmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG