AQSh Prezidenti Barak Obama badavlat amerikaliklar va yirik moliyaviy kompaniyalarni kattaroq soliqqa solib, o'rta sinfni kuchaytirmoqchi.
Oq uyning taklifi respublikachilar nazoratidagi Kongressdan o'tmasligi ayon, ammo kuzatuvchilar fikricha, bu tashabbus 2016-yilgi prezident saylovlari kampaniyasi paytida demokratlar va respublikachilar o'rtasidagi farqni ko'rsatishga qaratilgan.
Seshanba kuni Obama Kongressning har ikki palatasi oldida yillik ma'ruzasini qiladi. Unda ichki va tashqi siyosatda 2014-yilda erishilgan yutuqlar va 2015-yil rejalari tinglanadi.
Muxolifat prezidentning murakkab soliq tizimini isloh qilish, soddalashtirish istagini qo'llab-quvvatlaydi, ammo taklif etilayotgan rejadagi ko'p bandlarga qo'shilmaydi.
Obama boylarni kattaroq soliqqa solish orqali o'rta sinf amerikaliklar ahvolini yaxshilamoqchi; farzand uchun mavjud soliq imtiyozini uch baravar ko'paytirib, 5,1 million oilaga 6,7 million bolani voyaga yetkazishda qo'shimcha yordam bermoqchi; har ikki ota-ona ishlovchi oilalar uchun qo'shimcha 500 dollar soliq imtiyozi bermoqchi - bundan 24 million oila naf ko'rishi aytilmoqda.
Obama, shuningdek, jamoa kollejlarida ikki yillik o'qishni bepul qilmoqchi.