Breaking News

Obama: AQSh islom va musulmonlarga qarshi urushda emas


Barak Obama
Barak Obama
Vashingtonda qilgan nutqida prezident Barak Obama shuni ta’kidladiki, al-Qoidaning Pokiston va Afg’onistondagi asosi yengilgan va ular mag’lub bo’lganini biladi. Bugun tahdid mahalliy to’dalardan kelmoqda, deydi Obama.

“Ko’p hollarda terrorizmga qarshi olib borayotgan harakatlarimizni mutaassib kuchlar islomga qarshi urush deb ko’rsatishadi. Amerika va G’arb islom yoki musulmonlarga qarshi emas. Ekstremistlar yolg’on gapirib, o’z harakatlarini asoslashga urinadi”,- deydi prezident.

"Amerika Qo’shma Shtatlari islom bilan urushda emas. Ko’pchilik musulmonlar ekstremizmdan yiroq va terrorizmning asosiy qurbonlari ham aynan musulmonlardir”, - deydi Obama.

AQSh terrorizmni yengishda yangi strategiya qo’llashi kerak, deydi u, toki tahdid manbalariga, ularning ildiziga bolta urilsin.

Birinchidan, al-Qoida va uning hamkorlarini butkul yo’q qilish kerak. Afg’onistonda boshlangan ishni bitirish lozim. Mahalliy hukumatni mustahkamlash, bu jamiyat o’zini xavfdan himoya qila olishini ta’minlash zarur. Al-Qoida uchun Afg’onistonda panoh qolmasin.

Global terrorizm chegara bilmas ekan, unga qarshi tinimsiz va mavhum urush olib borolmaymiz, deydi Obama. Muayyan guruhlarni aniqlab, ularni nishonga olish kerak. Xalqaro hamkorlik oshirilib, razvedka ma’lumotlari almashinuvi yo’lga qo’yiladi; terroristlarni tutish va javobgarlikka tortishda ittifoqchi davlatlar bilan yaqindan ishlash joiz.

Prezident Obama deydiki, Amerika 2014-yilning oxiriga borib, afg’on zaminini butkul tark etarkan, terroristlarga qarshi hozirda qo’llanayotgan ayrim usullar, masalan, uchuvchisiz qiruvchi samolyotlar kamroq ishga solinadi.

AQSh yana bir narsaga e’tiborni oshirmoqchi: terrorizmga yetaklovchi omillar. Demokratiya, taraqqiyot, mas’uliyatli hokimiyat targ’iboti kuchaytiriladi. Vashington bu borada yordamni ham oshiradi.

“Ayrim insonlar qalbidagi nafratni o’chira olmaymiz”, - deya tan oladi Obama. “Lekin bizga tahdid solayotgan tizimlarni yo’q qilishga qodirmiz. Erkin hayotimizni, farovonligimizni va qadriyatlarimizni saqlab qolamiz”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG