Prezident Barak Obama bugun Oq uyda Vyetnam Kommunistik partiyasi raisi Nguyen Fu Chongni qabul qildi. Bu Vyetnam Kommunistik partiyasi rahbarining AQShga ilk safari.
40 yil oldin Qo'shma Shtatlar Vyetnamda kommunistlarga qarshi urush olib borgan. 20 yil avval esa ikki tomonlama munosabatlar tiklanib, so'nggi paytlarda kuchayib bordi.
Obama erkin savdoni ko'zlovchi Trans-Tinch okeani hamkorligi loyihasi, inson huquqlari, ikki tomonlama mudofaa sherikligi xususida gaplashgan.
Chong Vyetnam rahbari bo'lsa-da, hukumatda biror rasmiy lavozimga ega emas, partiya rahbarligiga xalq tomonidan saylanmaydi.
Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar va ayrim qonunchilar Obamadan muloqot chog'ida Vyetnamda inson huquqlarini yaxshilashni talab qilishni so'ragan. Ba'zilar nazarida esa Chongni Oq uyga taklif etish xato bo'lgan.
"Human Rights Watch" tashkiloti xodimi Jon Siftonning aytishicha, Vyetnamda repressiya, qiynoqlar, diniy sabab bo'yicha ta'qiblar odatiy hol.
"Bosh kotib Chong bilan uchrashuv huquqbuzarliklar uchun rag'bat sifatida ko'rilishi kerak emas", - dedi u.
Bir guruh qonunchilar Obamaga xat yo'llab, uchrashuv chog'ida ko'zga ko'ringan siyosiy va diniy yetakchilarni qamoqdan ozod etishni Chongdan talab qilishni so'ragan.
O'tgan yili Qo'shma Shtatlar Vyetnamga qurol sotishni man qiluvchi qonunni yumshatgan. Chong Obamadan qurol embargosini butunlay bekor qilishni so'rashi kutilgan edi.
Rasmiy Xanoy Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi hududlarni o'zlashtirishidan norozi. Vyetnam va yana bir necha mamlakat ham ularga da'vo qiladi.
"Bizga qurol kerak", - deydi Vyetnam rasmiylari.
Chong Obamani Vyetnamga taklif etdi. Obama rozi bo'ldi, ammo qachon borishini aytmadi.
Vyetnam bilan diplomatik aloqalar tiklangach, sobiq Prezidentlar Bill Klinton va Jorj Bush kommunistik mamlakatga safar qilgan.