Breaking News

Obama: Amerika dunyoda liderlikni boy bermasligi kerak


Prezident Barak Obama Vest-Poynt harbiy akademiyasida bitiruvchilar oldida tashqi siyosatga doir qarashlarini bildirmoqda, Nyu-York, 28-may, 2014-yil
Prezident Barak Obama Vest-Poynt harbiy akademiyasida bitiruvchilar oldida tashqi siyosatga doir qarashlarini bildirmoqda, Nyu-York, 28-may, 2014-yil
AQSh prezidenti Barak Obama bugun Nyu-Yorkning Vest-Poynt harbiy akademiyasi bitiruvchilari oldida nutq so’zlab, Amerikaning tashqi siyosatdagi maqsadlariga doir qarashlarini bildirdi.

Obama prezidentligi davrida erishilgan yutuqlarga nazar tashlar ekan, so’nggi to’rt yarim yilda Iroqdan qo’shinlar olib chiqilganini, Afg’onistonda harbiy missiya yakunlanayotganini, Pokiston va Afg’oniston chegara hududlarida joylashgan al-Qoidaga jiddiy zarar yetkazilganini, Osama bin Ladenning yo’q qilinganini ta’kidladi.

“Amerika aksariyat ko’rsatkichlar bo’yicha dunyoning boshqa davlatlariga qaraganda qudratliroqdir. Amerikaning yulduzi so’nmoqda, dunyodagi yetakchi mavqei zaiflashmoqda deyayotganlarning tarixdan xabari yo’q yoki bir yoqlama siyosat yuritmoqda. Harbiy qudratimizga hech kim teng kela olmaydi. Hech bir davlat bizga hujum qilishga jur’at eta olmaydi”, - dedi Obama.

AQSh rahbariga ko’ra, iqtisodiyot jonli, rivojlanmoqda. Amerika borgan-sari yonilg’i mustaqilligiga erishmoqda.

"Dunyo tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Bu nafaqat imkoniyatlar, balki yangi tahdidlarga ham yo’l ochmoqda", - deydi Obama.

Unga ko’ra, terrorchilar texnologiyalardan samarali foydalanmoqda, Rossiya sobiq Sovet davlatlariga tahdid solmoqda, Xitoy iqtisodiy va harbiy qudrati qo’shni mamlakatlarni asabiylashtirmoqda.

Qo’shma Shtatlar o’z xavfsizligini ta’minlash uchun Yaqin Sharq va Afrika kabi mintaqalarda faol bo’lishi lozim, deydi Obama.

"Buning uchun Amerika terrorchilarga qarshi, kerak bo’lsa, pilotsiz samolyotlarni qo’llashda davom etadi", - deydi u.

Obama Yaman, Somali, Liviya, Malida mahalliy hukumatlarning terrorchilarga qarshi kurashida yordam berish uchun Kongressdan besh milliard dollar yordam puli so’ragan.

"Biroq har bir muammoni ham qurol bilan hal qilib bo’lmaydi. Ikkinchi jahon urushidan so’ng Amerikaning qimmat xatolari aynan harbiy ishtirokimiz tufayli yo’lga qo’yilgan. Oqibatini o’ylamadik, boshqa davlatlar bilan kelishmadik", - deydi Obama.

Prezidentga ko’ra, Amerika doim dunyoda yetakchi o’rinni egallashi kerak. Biroq bunga faqat harbiy yo’l bilan erishib bo’lmaydi, deydi u.

"Agar yurtimiz, xalqimiz xavfsizligi tahdid ostida bo’lsa, harbiy kuch ishlatishga majbur bo’lamiz. Xalqaro hamjamiyatning fikri bu borada muhim, ammo o’zimizni mudofaa qilish uchun boshqalardan ruxsat so’rab o’tirmaymiz", - dedi prezident.

Ammo AQShga bevosita xavf solmagan global tahdid bilan yuzlashadigan bo’lsak, ittifoqchilar bilan ish qilish zarur, diplomatik harakatlarimizni kengaytirishimiz, sanksiya va yakkalashni ishga solishimiz lozim, deydi Obama.

Unga ko’ra, kollektiv chora bunday vaziyatda samaraliroq bo’ladi va qimmat xatolarga yetaklamaydi.

"Aynan kollektiv harakat tufayli Rossiyani yakkalashning uddasidan chiqildi. Amerikaning yetakchiligi tufayli dunyo Rossiya harakatlarini qoraladi", - deydi u.

Prezident Obama Suriyada muxolif guruhlarga yordamni oshirish kerakligi, suriyalik qochqinlarga boshpana bergan Iroq, Iordaniya, Livan va Turkiyani qo’llab-quvvatlash lozimligini aytdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG