Breaking News

Olimpiada mezbonligini xohlovchi shaharlar soni kamayib bormoqda


Olimpiada xarajatlari
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Xalqaro Olimpiya qo'mitasi prezidenti Tokio merini musobaqa qoidalarini o'zgartirmaslikka chaqirdi. 2020-yilgi Olimpiya o'yinlari mezbonligini qo'lga kiritgan Tokio xarajatlarni qisqartirish uchun sport maydonlariga ayrim o'zgarishlar kiritilishini ma'lum qildi. Musobaqani tashkillashtirish shaharga 15 milliard dollarga tushmoqda. Bu avvalgi hisob-kitoblardan olti baravar ko'p. Bu esa Xalqaro Olimpiya qo'mitasi uchun yana bir zarba. Avvalroq bir qator shaharlar xarajatdan qochib mezbonlikka da'vogarlar ro'yxatidan chiqib ketgan edi.

Yaponiyada yozgi olimpiada o'tishiga hali to'rt yil bor. Mezbon shahar uchun bu ulkan voqea.

Ammo Tokioning yangi meri xarajatlarni kamaytirishga bel bog'lagan. Basketbol, taekvondo va velopoyga musobaqalari shahar tashqarisidagi tayyor maydonlarga ko'chirilgan. Boshqalari esa tekshiruv ostida.

Xalqaro Olimpiya qo'mitasi rahbari Tomas Bax bilan uchrashgan Yuriko Koyke aholi talabi bu, deydi.

"Tokio xalqi bu ularning puli ekanini biladi. Ularni tushunishimiz kerak", - deydi u.

Qo'mita rahbari esa o'zgarishlarga qarshi.

"Tokiodagi 2020-yilgi Olimpiya o'yinlarini o'zaro hamkorlikda eng ma'qul va samarali musobaqaga aylantiramiz", - dedi Bax.

Tokioning xarajatlardan qochayotgani Rimni ham xavotirga solgan ko'rinadi. Shahar 2024-yilgi musobaqaga mezbonlik qilish da'vosidan voz kechdi.

"Olimpiada qarz olishni talab qiladi. Bu esa rimliklar, barcha italiyaliklar qarzdor bo'ladi, degani. Bizdan shuni so'rashdi. Lekin bu to'g'ri emas", - deydi Rim meri Virjiniya Reggi.

Mezbonlik qilishni xohlayotgan shaharlar soni borgan sari kamaymoqda, deydi olimpiya tarixchisi Filip Barker.

"2022-yilgi Qishki o'yinlarda buni ko'rdik. Faqat Pekin va Almati bellashdi. Eng yaxshi nozmodlar - Oslo va Stokgolm xarajatlarni deb o'z nomlarini qaytarib oldi", - deydi u.

2024-yilgi musobaqa mezbonligi uchun bo'layotgan bellashuvdan AQShning Boston va Germaniyaning Gamburg shaharlari ham chiqib ketdi.

Pekinning 2008, Sochining 2014-yilgi olimpiya o'yinlari o'nlab milliard dollarga tushdi. Olimpiya qo'mitasi musobaqa obro'sini saqlab qolish uchun hashamatdan ixchamlik sari qadam tashlamoqda.

"Yangi binolar qurmasdan, keyinroq buzib boshqa joyda ishlatish mumkin bo'lgan vaqtinchalik inshootlar bunyod etish orqali ijobiy natijalarga erishish mumkin", - deydi Barker.

Ayrimlar yozgi o'yinlar har doim asl vatanida - Gretsiyada o'tkazilishi kerak, degan fikrda. Barkerga ko'ra, bu imkonsiz.

"Olimpiadaning o'ziga tortadigan jihatlaridan biri uning bir joydan ikkinchi joyga ko'chishidir. Bu xalqaro tadbir, faqat bir shaharniki emas", - deydi u.

Olimpiya qo'mitasi oldida katta vazifa turibdi. U dunyo shaharlarini musobaqaga mezbonlik ortiqcha tashvish emas, balki foyda ekaniga ishontira olishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG