Breaking News

Koronavirusning 5-to'lqini dunyoni qamrab olmoqda


Koronavirusning asosan “omikron” shtammi tufayli avj olayotgan beshinchi to’lqini butun dunyoni qamrab olmoqda. Hukumatlar yangi cheklovlar joriy etishga majbur ekan, norozilar va emlanishga qarshilar namoyish qilmoqda.

Xalqaro hayot - 20-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:09 0:00

Xususan Londonda 5000 odam ko’chaga chiqdi, namoyish zo’ravon tus oldi.

“Omikron” shtammi sabab ko’p odam virus yuqtirganidan xavotirdamiz. So’nggi 24 soatda pandemiya boshidan beri eng ko’p, 26 mingdan ziyod odam virusga chalindi. Kasaxonalar to’lib boryapti, xizmatchilar yetishmayapti. Shaharda favqulodda holat e’lon qilishga majburman”, - dedi London meri Sodiq Xon.

Yevropaning Barselona va Parij kabi shaharlarida ham cheklovlarga qarshi yirik namoyishlar kuzatildi. Niderlandiya to’liq lokdaunga o’tdi.

AQSh prezidentining sog’liqni saqlash masalalari bo’yicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchining aytishicha, Amerikada emlanmagan salkam 50 million odam virusdan tinkasi quriyotgan sog’liqni saqlash tizimiga katta yuk bo’ladi.

“Emlanmagan shuncha odam va “omikron” kabi tez tarqaluvchi virus bor ekan, mamlakatning ayrim joylarida kasalxona tizimi hamda holdan toyayotgan tibbiy xizmatchilar katta bosim ostida qolishiga guvoh bo’lamiz”, - dedi u.

Angliyalik shifokor va hamshiralar madori quriyotganini aytadi.

“Boshida hammamiz shijoatga to’la edik, ammo vaqt o’tishi bilan bu baloning keti ko’rinmayotganiga guvoh bo’layapmiz”, - deydi bir xizmatchi.

Ba’zi hollarda “omikron” emlangan odamlarga ham yuqayotgani qayd etilmoqda.

“Ikki marta emlangan edim. Mayda va iyulda. Sport bilan shug’ullanishni yaxshi ko’raman, hech kasal bo’lmaganman, ammo “omikron” meni kasal qildi. Ba’zilarning aytishicha, emlanmaganimda kasalxonaga tushmagan bo’lardim”, - deydi londonlik bir bemor.

Birlashgan Qirollikda kuniga 90 mingdan ziyod odam virusga chalinmoqda. Bu yanvar oyidagi rekorddan ancha yuqoridir. O’shanda kuniga 21 mingdan oshiq kasallanish qayd etilgan edi.

Koronavirusning “omikron” shtammi tarqalishi oqibatida Jahon iqtisodiy forumi Shveysariyaning Davos shahrida har yili bo’ladigan majlisini yanvar oyidan 2022-yil yoziga ko’chirdi.

Anjumanga hali yana bir oy bo’lsa-da, tashkilotchilar tavakkal qilishni istamadi. Ma’lumki, 1974-yildan beri o’tkazib kelinayotgan ushbu yirik tadbirda yuzlab tadbirkorlar, davlat rahbarlari qatnashadi. O’tgan yilgi anjuman COVID-19 sabab bekor bo’lgan edi.

"Hozirgi pandemiya sharoitida odamlarning yuzma-yuz uchrashishi muammodir”, - deydi tashkilotchilar.

“Omikron” shtammi sabab bir necha mamlakatga parvozlarni taqiqlab qo’ygan Isroil bugun AQShni ham qora ro’yxatga qo’shdi. Bu ro’yxatda 50 dan oshiq mamlakat bor. AQShga zarur ehtiyoj bilan uchmoqchi bo’lganlar hukumatdan maxsus ruxsat olishi kerak bo’ladi.

Mamlakat Bosh vaziri Naftali Bennetning aytishicha, Isroilda oy boshida “omikron” aniqlanishi ketidan parvoz cheklovlari darhol joriy etilgan. Bu virus tarqalishining oldini olmagan bo’lsa-da, sekinlashtirgani aytilmoqda.

AQSh bilan bir qatorda parvoz taqiqlangan mamlakatlar ro’yxatiga bugun Italiya, Belgiya, Germaniya, Vengriya, Marokash, Kanada, Shveysariya, Portugaliya va Turkiya ham kiritildi.

Isroilda 134 odamda “omikron” aniqlangan, yana 307 kishida buning alomatlari kuzatilmoqda.

Xorijdan qaytayotgan isroilliklar 3 kundan 14 kungacha karantinda qolishga majbur.

Avstriya ham chegaralarida qattiqroq cheklovlar joriy etmoqda. Avstriyaga kirayotgan xorijliklar emlangan bo’lishi, kasallanib tuzalgan bo’lishi va salbiy PSR testini taqdim etishi kerak bo’ladi.

Xorijdan qaytayotgan Avstriya fuqarolari va rezidentlariga emlanish sharti qo’yilmagan, biroq ular 10 kunlik karantindan o’tishi kerak bo’ladi.

Avstriya o’tgan oy Yevropada birinchilardan lokdaun e’lon qildi. Mamlakat bo’ylab cheklovlarga qarshi ko’cha namoyishlari kuzatildi.

Virusga chalinish hollari pasayishi bilan lokdaun yumshatildi. Aholiga fevral oyigacha emlanish buyurilgan. Emlanmaganlarga bir kishidan ortiq to’planish mumkin emas, biroq 24, 25, 26 va 31-dekabr kunlari qoidadan istisno bo’lib, 10 kishigacha to’planishga ruxsat berilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG