Breaking News

AQSh dehqonlari: Texnologiya hosil sifatini oshirmoqda


Nyu-Jersi shtatidagi "Bowery Farm" o'ta zamonaviy issiqxonalarga ega
Nyu-Jersi shtatidagi "Bowery Farm" o'ta zamonaviy issiqxonalarga ega

Nyu-York dunyoning eng gavjum, taraqqiy etgan, global shaharlaridan biri. Lekin yashil ekinzorlardan uzoq emas. Shaharning o’zida ham ogorodlar ko’p. Mittigina yerdan mo’l hosil olishadi. Gidroponika usulida mahsulot yetishtirayotgan dehqonlar bilan gaplashdik.

Dehqon borki, ekin va hosilini ko’z-ko’z qilishni xohlaydi. Uning faxri.

Brayan Xant, Nyu-York yuragi Manxettenda ikki yirik restoran egasi, shuningdek, bosh oshpaz. Har bir taom uchun toza va yangi mahsulot ishlatadi.

“Shunday ajoyib narsalarni o’z qo’limiz bilan kesib, terib olish imkoniyati bor ekan, nega yo’q deysiz. Kelib olib ketamiz. Qancha kerak bo’lsa, bu ekinzorlardan topiladi”, - deydi Xant.

Nyu-Jersi shtati daryoning narigi tarafida. Biz turgan ogorod Kerni degan shaharchada. "Bowery Farm" ning issiqxonalari o’ta zamonaviy.

Xo'jalik rahbari Irvong Feyn:

“Qishloq xo’jaligi texnologiyasi boshqa jabhalar singari tezlikda yangilanib, oldinga yetaklamoqda. Tabiiy usullarda, inson qo’li bilan yetishtirilgan sabzavot va mevalarga esa talab kun sayin kuchli. Biz bu parnikni mana shu omillardan kelib chiqib barpo etdik”.

Gidroponika, tuproq emas, asosan suv bilan dehqonchilik qilish azaldan mavjud. Lekin raqamli texnologiya bugun uni yanada mukammallashtirgan.

“Ekinga qarash, sug’orishdan tortib parvarishlashgacha, butun jarayonni kompyuter tizim kuzatadi va sizga zarur axborot berib turadi. O’simlik qanday o’sayapti? Mahsulot sifati qanday? Mazasi-chi? Bir dunyo ma’lumot olasiz. Dehqonchilik eskicha ish deb o’ylasangiz, katta xato qilasiz. Juda zamonaviy”, - deydi Feyn.

"Bowery Farm" xo'jaligi gidroponikaga asoslangan, Nyu-Jersi shtati
"Bowery Farm" xo'jaligi gidroponikaga asoslangan, Nyu-Jersi shtati

Texnologiya mahsulot sifatini oshirishda yordam bermoqda, deydi dehqonlar. Xaridorlar bag’oyat xursand.

“Biz olayotgan sabzavotlar muntazam ravishda toza va vitaminlarga boy. Ishonchli mahsulot. Ular tobora yaxshilanib borayotganiga ham guvohmiz. Maza qilib bozor qilamiz”, - deydi tadbirkor Xant.

Bu xo’jalik yil bo’yi 80 xil sabzavot yetishtiradi. Hozirda ikkinchi issiqxona qurilmoqda. Biznes kengayib bormoqda. Yangi ish o’rinlari, yangi imkoniyatlar. Talab oshar ekan, ta’minot ham shunga yarasha.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG