AQShning ko’plab shtatlarida maktablar yopiq, ba’zilarida onlayn darslar boshlangan. Jumladan maktablarni 24-aprelgacha yopgan Merilend shtatida ham.
“Uydan chiqmasdan o’qish, kamroq dars qilish menga yoqyapti”, - deydi 8-sinf o’quvchisi Katrina Shepke.
Biroq uning 3-sinfda o’qiydigan singlisi Yeva masofaviy ta’lim olishda qiynalyapti.
“Bir joyda qamalib, siqilib qolyapman. O’qituvchimni, do’stlarimni sog’indim”, - deydi u.
Ularning Alina ismli onasi o’qituvchi. Onlayn ta’limga o’tish qiyin bo’lmadi, ba’zi texnik muammolarni hisobga olmaganda, deydi u.
“Ba’zan onlayn darslarim qizlarimning darslari bilan bir paytga to’g’ri kelib qoladi. Shunda o’z darsimni vaqtincha to’xtatib, ularga qarashishga majbur bo’laman”, - deydi ona.
Merilend shtatida o’qituvchilar va o’quvchilarni onlayn platformaga o’tkazish bir necha hafta vaqt oldi.
“Hamma uchun bu yangi narsa, ushbu texnologiyaga ko’nikishga to’g’ri kelyapti. Sinflarda qanday ta’lim bergan bo’lsak, internetda ham shunday qilishni o’rganyapmiz”, - deydi matematika o’qituvchisi Rayan Menk.
Katrina va Yeva boshqa o’quvchilarga koronavirus pandemiyasi paytida uyda o’tirishni tavsiya qiladi.
“Axir ko’plaringiz maktabga bormasam, deb orzu qilib yurardingiz. Mana, orzuingiz endi ushaldi”, - deydi Katrina.
“Onlayn o’qib, qo’llarimizni toza tutishda davom etishimiz kerak”, - deydi uning singlisi.
O’qituvchi Rayan Menkning aytishicha, Merilend maktablari muhtoj oilalardagi bolalarni nafaqat ovqat, balki onlayn o’qish uchun zarur jihozlar, kompyuter va internet aloqa bilan ham ta’minlamoqda.
Facebook Forum