Breaking News

Giyohvandlikdan voz kechsa bo'ladimi?


AQShda kuchli dori va narkotiklarni suiiste’mol qilish epidemiya darajasiga aylanib bo’lgan. Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, dorilarni dozadan ortiq iste’mol qilish oqibatida 2016-yilda 40 ming, 2017-yilda 72 ming amerikalik hayotdan ko’z yumgan. Hozir ham kuniga 115 odamning yostig’i quriydi.

“Amerika Ovozi” mavzuni chuqurroq yoritish maqsadida opioid muammosiga yo'liqqan amerikaliklar taqdiri haqida turkum video lavhalar tayyorladi. Ularda Amerikaning turli shtatlarida giyohvandlik domiga tushgan insonlar hayoti yoritiladi. Birinchi lavha qahramoni Florida shtati, Mayami shahrida giyohvandlikdan qutilib, to'g'ri hayot yo'liga qaytishga urinayotgan Allison Norlend haqida.​

Opioid iskanjasidagi cho'loq taqdirlar (1-qism)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:14 0:00

"Nasha chekishni 18 yoshimda boshlaganman. Turmush o’rtog’imni uchratganimda 19 da edim. Oksikodon haqida o’shanda bilganman.
Birin-ketin ikki marta halokatga uchrab, doktorlarga qayta-qayta borardim. Shifokorlar o’tkir opioid yozib berishdan boshqa narsani bilishmasdi. Keyin esa quturgan maxluqqa aylanib, o’zimni boshqarolmay qoldim.

Ko’pchilik retsept orqali olinadigan dorilardan keyin geroinga o’tib ketadi, sababi qora dorini juda arzon olish mumkin… Bu esa boshi berk ko’cha… o’rganib qolish esa oson. Turmush o’rtog’im, Jon bilan 10 yildan beri birgamiz. U boshida qalqonim edi. Yaxshi yashardik. Lekin sekin-sekin ikkimiz ham shu ko’chaga kirib qoldik.

Reabilitatsiyaga ketganimda to’rt-besh oy bir-birimizdan ajralib qoldik. Usiz bir narsamni yo’qotganday bo’lib qoldim, siniq edim. Yana birga bo’lishimizga, hammasi iziga tushib ketishiga mutlaqo imkon yo’qday edi", - deydi Allison Norlend.

"Eng yaxshi xislatlarimizni yuzaga chiqarish uchun, o’zimiz, qilayotgan ishlarimiz haqida bir muddat fikr yuritishimiz kerak bo'ldi", - deydi Alisonning turmush o'rtog'i Jon.

"Jon ham reabilitatsiyadan qaytgandan so’ng oldingi munosabatlarimizni tikladik. Ikkimiz ham sog’ayishga bir xil vaqt sarflaganimiz birlashishimizga imkon berdi. Hozir Oila sudida men, onam va qizimning ishi ko’rilyapti. Qizimni turmush o’rtog’imdan olib ketishgan, vasiyligimni ham. Oila bo’lib yana birga yashashimiz uchun harakat qilyapmiz", - deydi Alison

"Maqsadim yaxshi ota, oila ustuni, qo’limdan kelgancha komil inson bo’lishga erishish. Bunday qilmaslikka sabab ham yo’q", - deydi Jon.

"Reabilitatsiyaga ketishdan oldingi muammolarimiz, qarzlarimiz hali ham bor. Hozir yashashga joy, uyga kerakli narsalar, krovat olmoqchimiz", - deydi Alison.

"Muvozanat topishga urinyapmiz. O’tmishimiz bugungi kunimizga soya solsa-da hayotga qaytishga urinyapmiz. Hayotimiz izdan chiqib ketgan", - deydi Jon.

Allison giyohvandlikdan sog’ayish yo’lida psixolog kerakligini tushunadi. Jen Ellison u bilan shug’ullanayotgan mutaxassis. Allisonga sog’ayib ketishida ruhiy madab berib turadi.

"Jen jarayonni yengillashtirib beryapti. Qachonki qo’ng’iroq qilsam, doim javob beradi. Oilasi bilan yoki yig’ilishlarda bo’lsa-da bir chekkaga o’tib men bilan gaplashishga vaqt topadi. Qarorimda mustahkam tura olishimga ko’maklashdi. Maslahat kerak bo’lsa, doim tayyor. Jen ajoyib inson", - deydi Alison.

"Xo’sh, Rojdestvo qanday o’tdi?", - deydi Jen Elison.

"Aldamayman, qiyin o’tdi. So’nggi daqiqalarda onamning fikri o’zgarib, Jon va men bayramni ular bilan o’tkazishimizni istamasligini aytib qoldi. Go’yoki singillarim va boshqa qarindoshlarim bilan bir davrada bo’lishga loyiq emasmiz. Oilam bilan yana oldingiday munosabatlarim bo’lishini astoydil xohlayman. Lekin juda qiyin kechyapti", - deydi Alison.

"Sog’ayish jarayonini siz boshdan kechiryapsiz, sog’ayishni xohlayotganingiz o’tmish unutildi degani emas, ularning o’zlariga bog’liq.

Sog’ayishni istaganlarning ko’pchiligi munosabatlar tiklanishini xohlaydi.Lekin odatda ikkinchi tomon bunga tayyor emasligini ba’zan tushunmaydi yoki tezda tuzalib ketishni xohlaydi.

Odam o’zidagi o’zgarishlarni birovga majburlab ko’rsatolmaydi. Oila a’zolari bilan munosabatlarni qayta tiklash, o’tgan ishlarni unutishga imkon berish ham jarayonning bir qismi. Unutish ham sog’ayish jarayonining bir qismi.
Qanchalar og’ir bo’lmasin, atrofda qo’llab-quvvatlaydiganlarni yig’ish kerak deb tavsiya beramiz, boshqalar ham shu yo’ldan yurishgan.
Shuning uchun ham haftasiga uch marta nimalarni his qilishi, jarayondagi qiyinchiliklar haqida gaplashamiz.

Normal hayotga qaytish hammasini yangidan boshlashday gap. Juda bo’lmaganda yoningizda Jon borligi ham yaxshi. Bir-biringizgasuyanchiq bo’lasiz.

Bunday holatlarda ko’pchilik yo’lg’izlanib qoladi. Sizlarda esa unday emas. Yaxshi kunlarni, bayramlarda yoningizda bo’ladigan odamlar bor. Bu sizning holatingizda juda yordam beradi", - deydi Jen Elison.

"Men va Jon bemalol davolanishimiz uchun onam qizimni yetimxonaga topshirgandan ko’ra, o’zim qarab turaman deb vasiylikni vaqtinchalik bo’yniga olgan edi.

Reabilitatsiyadaligimda, deyarli 11 oy doim onam bilan edi, men qizim bilan bo’lolmadim.

Onam bolamni menga ishonmayapti shekilli… Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Bolamning yonida bo’lganim bilan qarolmasdim. Shu paytgacha qizimning qarovchisi, boquvchisi onam bo’lgan. Jismonan shu yerda bo’lganim bilan qaraydigan ahvolda emas edim.

Yana normal hayotga qaytishimga ko’zi yetmayapti. Onamning xavotirlari shundan… Giyohvandlik faqatgina shu ko’chaga kirib qolgan odamnigina emas, butun oilaga ta’sir qilarkan. Onamning nafaqat menga, mening xatti-harakatlarimga nisbatan ham ishonchi yo’qolgan. Onamni majbur qilolmayman. Qosh qo’yaman deb ko’z chiqarib qo’yishim mumkin. Maqsadim shu balodan butunlay qutilib, qizim, onam va Jon bilan munosabatlarimni, oilamni tiklash.

Reabilitatsiyadaligimda har xil do’konlardan o’g’irlik qilgan qizlar guruhiga tushib qoldim. Men faqatgina bitta magazindan kiyim o’g’irlaganman. Keyin ishim sudga oshib ketdi.

Qilgan ishim butunlay xato edi. Lekin men ham odammanku… Shunaqa bo’lishini bilardimku…", - deydi Alison.

"Reabilitatsiya endi bu… ular ham shuning uchun reabilitatsiyaga kelib qolgan. Ular ham xato qilgan… faqat siz emas.

Doimiy qilib yurgan ishingizni birdaniga to’xtatib qo’yish oson emas. O’sha bo’shliqni to’ldirishga intilish ko’pchilikda uchraydi. Doridan boshqa nimadir sizni xursand qilishini xohlagansiz, afsusku o’g’irlik, qonunni buzish ko’zingizga yaxshi ko’rinibb ketgandir?! Chunki narkomaniya, noqonuniy va qonunni buzishga o’rganib qolgan odam uchun bunday ishlarga qo’l urish oson… Achinarli, albatta, lekin haqiqat ham shu…
Bu degani hammada shunaqami? Ikki, uch, to’rt haftada bu balodan qutilib normal hayotga qaytib qo’ya qoladimi? Yo’q, albatta",, - deydi Jen Elison.

"Meni eng qo’rqitadigan narsa qizim bilan yana birga bo’la olmaslik xavotiri. Nimaiki qilmay, bolam uchun qilaman. U bilan nima qila olishim hozirgi vaziyatda muhim. Ezilib ketdim. Sinov muddati, keyin ishimni yo’qotsam, sudlar bilan sudralib yuraverishdan qo’rqib ketaman. Shuncha payt qizimsiz yashashimga to’g’ri keladi. Bu degani yana tushkunlik…yana boshi berk ko’chaga kirib ketishimga sharoit… Men esa buni istamayman…", - deydi Alison.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG