Oregon shtatidagi kollejda bir kishi o't ochgan. Kamida 10 kishi o'lgan. 20 yoshli hujumchining o'zi ham politsiya o'qidan halok bo'lgan, deydi mahalliy rasmiylar. 20 kishi jarohatlangan.
Oq uyda jurnalistlar prezident matbuot kotibini savol tutar ekan, Josh Ernest javob berishga shoshmadi. Fojia bu, deydi u, prezident nima bo'layotganidan xabardor.
Oregon shtatining Rozburg shahridagi Umpkva jamoat kolleji yopiq va tergov avjida. Hujumchi qayerlik, kim? Federal qidiruv byurosi bu haqda ma'lumot bermaydi. Nimaga qurol ishlatgan? Bu ham hozircha aniq emas.
Rozburg 20 ming aholiga ega sokin shaharcha. Voqeadan jamoatchilik shokda. Hodisa haqida politsiyaga mahalliy vaqt bilan ertalab 10:20 da xabar berilgan.
"Yana bir otishma, yana bir qurolli hujum. Qurol nazorati Amerikada izdan chiqib ketganining yana bir yaqqol isboti", - deydi Prezident Barak Obama, Oregon shtatidagi kollejda yuz bergan qatliom ketidan.
AQShdagi konservativ doiralar qurolga egalik qilish huquqini uzviy erkinliklardan biri deb bu borada biror chora ko'rilishiga qa'tiyan qarshi. Qurol lobbisi mamlakatdagi engi kuchli siyosiy guruhlardan biri. Amerikada qurol sotib olish uchun 21 yoshdan oshgan bo'lishingiz kerak. Turli shtatlarda qonun-qoida turlicha. Demokratik partiya qurol nazoratini kuchaytirish kerak desa, respublikachilar qurolni cheklash bilan jinoyat ko'lamini kamaytira olmaysiz deya bahs qilib keladi.