Yakshanba kuni AQShning Orlando shahrida ro’y bergan qonli voqea saylov kampaniyasida ham aks-sado bermoqda. Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampning aytishicha, Amerika musulmonlari zo’ravonlikka moyil insonlarni aniqlashda huquq-tartibot organlariga yordam berishi kerak.
“Agar prezident etib saylansam, Amerika, Yevropa va boshqa ittifoqchilarimizga qarshi terror harakatlari rejalangan mamlakatlardan muhojir olishni taqiqlayman. Men minglab odamlarning Amerikaga kelishda davom etishiga yo’l qo’ymayman, chunki aksariyati mana shu qotil kabi fikrlaydiganlar”, - dedi Tramp Nyu-Gempshir shtatidagi chiqishida.
Nomzod Prezident Barak Obama va Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vogar, saylovlardagi asosiy raqibi Xillari Klintonni yumshoq siyosat yuritayotganlikda aybladi.
“Klinton radikal islomiy terrorchilarni mamlakatimizga qo’ymoqchi. Ular ayollarni qul qilib, besoqolbozlarni o’ldiradi. Bunday odamlarga mamlakatimizda joy yo’q”, - dedi Tramp.
Klinton Klivlend shahridagi chiqishida odamlarni birlikka chaqirdi.
“Mana shunday damda amerikaliklar birlashishi zarur”, - dedi u.
Klintonga ko’ra, qurol savdosini qattiqroq nazorat qilish lozim.
“Musulmon jamoalarni esa aybdorga chiqarmay, yakkalatmay, ular bilan yaqindan ishlashimiz zarur”, - dedi u.
Orlandodagi qatliomdan so’ng matbuotda qurol nazorati, radikal targ’ibotga qarshi kurash kabi mavzularda munozaralar yanada kuchaydi.
AQSh hukumati Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat qilib, besoqolboz, jinsini o’zgartirgan, ikki jins tabiatga ega odamlarni himoya qilishga chaqirdi. Besoqolbozlik 70 dan ziyod mamlakatda jinoyat hisoblanadi.
"Agar so’nggi qatliomga barchamiz birdek qarshi fikr bildirgan bo’lsak, demak, barcha insonlarning umumbashariy qadrini qo’llab-quvvatlash g’oyasida ham hamfikr bo’laylik. Bunday insonlarni o’ldirgan terrorchilarni qoralash bilan cheklanib qolmaylik”, - dedi AQShning BMTdagi elchisi o’rinbosari Deyvid Pressman.
Tergovchilar dastlab qotil Umar Matinni "Islomiy davlat"ga aloqadorlikda ayblab chiqqan edi, biroq shu paytga qadar to’plangan dalil va ma’lumotlar buni tasdiqlagani yo’q.
"Matin Boston marafoni paytida xuruj sodir etgan shaxslar, Suriyada Jabhat al-Nusra safida suiqasd xurujida jon bergan floridalik odam bilan birdam bo’lganini eshityapmiz. Biroq Bostondagi xuruj mualliflari ham, floridalik jangari ham IShIDdan ruhlanmagan, bu esa Matin qanday sabablarga ko’ra bu ishga qo’l urgani bilan bog’liq vaziyatni chigallashtirmoqda”, - deydi Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komi.
Prezident Obamaning aytishicha, Matin internet orqali tarqalayotgan radikal tashviqotdan ruhlangan bo’lishi mumkin.
"Internetda mana shunday tashviqot hamda islom dinini noto’g’ri talqin qilish va ayrim ruhan zaif odamlarning bunga uchishi oldimizdagi eng katta muammolardan biri", - dedi Obama.
Qotilning otasi Siddiq Matin o’g’lining rejasi va niyatidan, nima sababdan jinoyatga qo’l urganidan bexabar ekanini aytadi.
"Uning bu qilmishini qabul qila olmayman. U terrorga qo’l urdi”, - dedi ota.
Matinning sobiq rafiqasi Sitora Yusufiyning matbuotga aytishicha, Umar ruhan kasal bo’lgan.
“Buni to’yimizdan bir necha oy o’tib payqadim. Sababsiz jahli chiqib ketardi. U meni tez-tez xo’rlab turardi, do’pposlardi, ota-onam bilan gaplasha olmasdim, ruxsat bermasdi”, - deydi ayol.
Oq uyning bildirishicha, Prezident Obama payshanba kuni Orlandoga borib, tungi klubdagi otishmada halok bo’lgan odamlarning oila a’zolari bilan ko’rishmoqchi.
"Bu oilalarga ta’ziyamni bildirmoqchiman. Yaralanganlarning sog’ayib ketishi uchun ibodat qilaman. Bu barcha amerikaliklarga qarshi qaratilgan hujum edi. Bugun barchamiz birdammiz va qayg’udamiz", - dedi Obama.
Kechasi “Puls” tungi klubiga avtomatik qurol bilan bostirib kirgan 29 yashar Umar Matin 49 kishini o’ldirib, 53 odamni yaraladi. Uch soatdan so’ng esa politsiya shturm boshlab, uni o’ldirishga muvaffaq bo’ldi.
“Agar o’g’lim bunday ish qilishini bilganimda edi, o’ylanmasdan uni politsiyaga topshirgan bo’lardim. Nega bu ishni qildi? Axir odamlarni nobud qildi, o’z oilasini qiyin ahvolga solib qo’ydi. Ham xafaman, ham g’azabdaman”, - deydi qotilning otasi Siddiq Matin.