Bugun Islomobodda Afg'oniston, Pokiston, AQSh va Xitoy rasmiylari Kobul va Tolibon o'rtasida tinchlik muloqotini jonlantirish xususida gaplashdi. AQSh delegatsiyasiga prezidentning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Olson rahbarlik qilmoqda.
O'tgan yili Afg'onistonda Tolibon xurujlarga zo'r berdi. Odatda, janglar mavsumi sanaladigan bahor kelishi bilan hujumlar yanada kuchayadi.
Afg'oniston va Pokiston rasmiylarining aytishicha, to'rt mamlakat vakillari o'rtasida kechgan uchrashuvda tinchlik jarayonini qayta jonlantirish imkoniyatlari va bu yo'ldagi to'siqlar haqida fikr almashilgan.
AQShning Pokistondagi elchisi Deyvid Xeyl oldinda qiyin vazifa turibdi, deydi.
"Maqsad, albatta, afg'onlar yetakchiligidagi va nazoratidagi jarayonni boshlash. Bilamizki, Pokiston, AQSh, Xitoy va Fors ko'rfazidagi boshqa hamkorlarimiz natijaga ijobiy ta'sir o'tkazish yo'llariga ega. Jarayonning qiyin tomoni - uni davom ettirish. Hozir sahna ortida turib, uni qanday tashkillashtirish, ijro etish bo'yicha strategiya ustida ishlayapmiz", - deydi u.
Tolibon zo'ravonlikni bas qilishga tayyormi? Noma'lum.
Ammo Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani to'rt davlat ishtirokidagi muzokaralardan umidvor.
Uning aytishicha, xalqaro kuzatuvchilar qatnashayotgan yig'inlar tinchlik istayotganlar va zo'ravonlikan voz kechni xohlamaydiganlarni bir-biridan ajratadi.
Murosadan bosh tortuvchi toliblarga qarshi kuch va boshqa choralar qo'llanadi, deydi G'ani.
Xavfsizlik bo'yicha pokistonlik tahlilchi Simbal Xonning aytishicha, afg'onlar bahorgi janglar boshlanmasidan oldin Tolibon bilan kelishuvga erishmoqchi.
"Tolibon rahbariyati hanuz Pokistonda yashaydi. Pokiston buni ortiq inkor qilishi qiyin. Agar ayrim kuchlar murosa qilishdan bosh tortsa, Pokiston hukumati, armiyasi ularga qarshi chiqishi, mamlakatdan haydashi yoki hibsga olib, Afg'onistonga topshirishi yoki yo'q qilishi kerak", - deydi u.
Agar Tolibon zo'ravonliklarni to'xtatsa, ularga qanday siyosiy yoki iqtisodiy imtiyozlar beriladi? Bu haqda hali ma'lumot yo'q, deydi Xon.
"Tolibon hozir qayta kuchaymoqda. Afg'oniston ichida ko'proq hududlarni qo'lga kirityapti. Ular o'z harbiy kuchini ko'rsatdi. Tuman markazlariga hujum qilb, ularni egallab oldi. Endi esa ta'sirlarini yanada kengaytirishga urinmoqda. Afg'oniston hukumati zaif ekanini ko'rdik", - deydi u.
Yaqinda Afg'onistondan qaytgan mintaqashunos olim, Indiana universiteti professoriNazif Shahroniy xalq orasida tinchlikdan umid kam, deydi.
"Tolibon taklif qilingani yo'q. Hali ular muzokaralarning ishtirokchisi emas. Qaysidir bosqichda ularni ham jarayonga qo'shish kerak", - deydi u.
O'tgan yili iyul oyida Kobul va Tolibon vakillari Pokistonda yuzma-yuz ko'rishgan edi. Ammo guruh yetakchisi Mulla Umarning bundan ikki yil oldin vafot etgani va buning ommadan va hatto guruh a'zolaridan sir saqlangani fosh bo'lgach, muzokaralar to'xtab qoldi. Shundan beri toliblar orasida ichki kurash kuchaydi. Natijada Kobulga qarshi hujumlar soni ham ortdi.
Guruh muloqotning navbatdagi bosqichiga tayyor ekani haqida hali bayonot bermagan.