Breaking News

To'rt davlat vakillaridan iborat qo'mita Afg'oniston tinchlik jarayoni haqida gaplashadi


Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif Kobulda Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla bilan uchrashmoqda, 27-dekabr, 2015-yil
Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif Kobulda Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla bilan uchrashmoqda, 27-dekabr, 2015-yil

10-15 yanvar kunlari Islomobodda to'rt mamlakat vakillaridan tuzilgan qo'mita ilk bor majlis qilib, Afg'oniston hukumati va Tolibon harakati o'rtasida muzokaralarni jonlantirish masalasini ko'rib chiqadi.

Afg'oniston, Pokiston, Xitoy va AQSh rasmiylari muzokaralarning qachon, qayerda va qanday usulda o'tkazilishi kerakligini muhokama qiladi.

Bu haqda Pokiston bosh vazirining tashqi siyosat bo'yicha maslahatchisi Sartoj Aziz ma'lum qildi.

Pokiston rasmiysining aytishicha, majlisdan maqsad muloqot kunlarini belgilab, uning to'xtab qolmasligini ta'minlash. Jarayon uchun barcha manfaatdor tomonlar birday javob berishi kerak, deydi Sartoj Aziz.

Bungacha Afg'oniston rasmiylari majlis yanvarning birinchi haftasida Kobulda o'tishi haqida gapirib kelayotgan edi.

Iyul oyida Pokistonda afg'on hukumati va Tolibon vakillari gaplashishni boshlagan edi, biroq harakatning uzoq yillik rahbari Mulla Umarning ikki yildan oshiq vaqt oldin o'lgani yuzaga chiqqach, toliblar muzokaradan chiqib, yangi rahbarni tanlash bilan ovora bo'ldi.

Mulla Umarning o'limi Afg'oniston rahbarlari uchun ham kutilmagan hol bo'ldi. Ular o'zlarini noqulay his qilib, Islomobodni ma'lumotni ularndan yashirganlikda aybladi. Pokiston nazarida esa xabarni tinchlik jarayonini izdan chiqarish harakatida bo'lgan afg'on hukumatidagi ayrim shaxslar oshkor qilgan.

O'zaro ayblovlar ikki tomonlama munosabatlarning sovuqlashishiga yetakladi. Biroq bir necha hafta ilgari AQSh va Xitoy rasmiylari o'rtaga tushib, Prezident Ashraf G'anini mintaqaviy anjumanda qatnashish uchun Islomobodga borishga ko'ndira oldi. Shundan so'ng Afg'oniston-Pokiston aloqalari yana jonlandi.

Chorshanba kuni ikki davlat harbiy qo'mondonlari yaqinda o'rnatilgan bevosita aloqa kanali orqali ilk bor muloqot qildi.

Pokiston armiyasi so'zlovchisi, general-leytenant Osim Bajvaning aytishicha, muloqot chog'ida harbiy mavzular, kelajakda ikki mamlakat qo'mondonlari o'rtasida konsultatsiyalar jadvali muhokama etildi.

Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif yakshanba kuni Kobulda bo'lib, Prezident G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla bilan afg'on tinchlik jarayoni xususida gaplashdi.

Jarayon yaxshi o'tishi uchun ikki mamlakat aloqalaridagi taranglikka barham berish muhim ekani aytiladi.

So'nggi oylarda Afg'onistonda Tolibon hujumlari kuchaygan. Guruh muzokaralarga qaytishi mumkinligi xususida hozircha ma'lum qilmayapti.

Jangarilar xorijiy qo'shinlar mamlakatni tark etsagina, hukumat bilan gaplashamiz, degan. Biroq Mulla Umar o'limidan so'ng harakat ichida hokimiyat uchun kurash boshlanib, birlik yo'qolgan, ba'zi mulla va qo'mondonlar undan ajralib chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG