Breaking News

Pokiston va Afg'oniston chegarachilari bir-birini o'qqa tutdi


Afg'oniston va Pokiston chegarachilari o'q almashib, bir kishi halok bo'lgan, yana 18 odam yaralangan. Voqea ro'y bergan Torxam chegara punkti yopiq, hukumatlar sulhga kelishib olgan.

Ammo rasmiylar va bu yerda yashovchi fuqarolarning aytishicha, vaziyat hamon tarang. Pokiston tomonida 200 ga yaqin oila xavfsizroq joyga ko'chirilgan.

"Pokiston chegarada yangi inshootlar qurmoqchi bo'lgan, afg'on zobitlari bunga yo'l qo'ymagan. Natijada Pokiston tomoni o't ochgan", - deya vaziyatni sharhladi Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla.

Otishma yetti soat davom etgan. Bir afg'on askari jon bergan, yana olti nafari yaralangan. Pokiston tomonda ikki chegarachi va to'qqiz fuqaro jarohat olgan.

"Islomobod bilan sulhga erishdik. Bu muammoni diplomatik kanallar orqali hal qilishimiz darkor", - deydi Abdulla.

Uning ta'kidlashicha, mushtarak chegarada yangi inshootlar barpo etish uchun ikki mamlakat bir-birining roziligini olishi zarur, ikki tomonlama bitimlarda bu belgilab qo'yilgan.

Afg'oniston Tashqi ishlar vazirligi ham quyidagi bayonot bilan chiqdi:

"Afg'on xavfsizlik va mudofaa kuchlari mamlakatning hududiy yaxlitligini va xalqni himoya qildi. Ular har qanday tahdidga javob berishga doimo tayyor".

Islomobod chegaradagi qurilish noqonuniy ekanini inkor etib, afg'on kuchlarini sababsiz otishma boshlaganlikda ayblamoqda.

Pokiston armiyasi matbuot xizmatiga ko'ra, Torxam chegara punkti ikki davlat o'rtasida eng serqatnov nuqta bo'lib, undan terrorchilar ham foydalanishi ma'lum. Shu bois Pokiston o'z tomonida yangi darvoza barpo etishga qaror qildi, deyiladi harbiylar bayonotida.

Pokiston-Afg'oniston chegarasi 2500 kilometrga cho'ziladi. Ammo chegara chizig'i noaniq bo'lgani sabab Kobul qo'shni davlatning bu hududlarda sim tortish rejasiga qarshilik bildirib keladi.

Pokiston bosh vaziri idorasi Afg'oniston hukumatini voqeani zudlik bilan tergov qilishga chaqirmoqda. Afg'onistonning Islomoboddagi muvaqqat elchisi tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga norozilik notasi topshirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG