Afg'onistonda tinchlik muloqotining navbatdagi bosqichi boshlanar ekan, Pokiston Tolibonni muzokara stoliga boshlashda muvaffaqiyat qozonayotgani xabar qilinmoqda.
Pokiston armiyasi so'zlovchisi general-leytenant Asim Bajvaning aytishicha, 18 oy avval boshlangan antiterror amaliyoti Afg'oniston bilan chegaradagi yarim avtonom Shimoliy Vaziriston viloyatida barqarorlikni tiklashga yordam bergan.
Harbiy kampaniya davomida 3400 jangari yo'q qilingan. Pokiston armiyasidan esa 500 askar o'lgan.
Bir-ikki kichik hududlardan tashqari, butun viloyat jangarilardan tozalandi, deydi Bajva "Amerika Ovozi"ga bergan suhbatda. Uning aytishicha, armiya yaqinda strategik ahamiyati yuqori bo'lgan tog'li va o'rmonli Shaval vodiysini ham o'z nazoratiga oldi. Bu yerda Afg'oniston Toliboni va boshqa jangari guruhlar faol ekani aytiladi.
"Shaval vodiysini tozalashni yaqinda tugatdik. Shavalning baland tog' tepaliklaridamiz hozir. Vodiyning janubi-g'arbida ikkita joy qolgan. Hozir shu joylar bilan bandmiz", - deydi Pokiston armiyasi so'zlovchisi.
Harbiylar da'vosini mustaqil tekshirishning imkoni yo'q. Chunki jurnalistlar bu hududlarga qo'yilmaydi. Uzoq yillardan beri Shimoliy Vaziriston Tolibon va Al-Qoidaga aloqador boshqa guruhlar o'rnashib olgan hudud sifatida ko'riladi. AQSh ham bu yerda muntazam dron hujumlarini amalga oshirib kelgan.
Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, Pokistondan qochgan ko'plab jangarilar Afg'onistondagi Tolibon va boshqa guruhlarga qo'shilgan.
Ayrimlar Pokistonni Shimoliy Vaziriston amaliyotini juda kech boshlaganlikda ayblamoqda.
O'tgan hafta Islomoboddagi konferensiyada qatnashgan Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Pokiston amaliyoti oqibatida jangarilarning Afg'onistonga suqilib kirishini "istalmagan natija" deya baholadi.
Bajva ayrim jangarilarning Afg'onistonga qochganini tasdiqladi, ammo buni chegaraning zaif qo'riqlanishiga bog'ladi.
"Bu juda uzun chegara. 2600 kilometrli joyni to'liq yopishning imkoni yo'q. Chegara boshqaruvi bo'yicha amaliy choralarni ishlab chiqqanmiz va bu hujjatlarni Afg'onistonga ham berganmiz. Shular amalga tatbiq etilgandan keyin vaziyat ancha yaxshilanadi", - deydi Pokiston armiyasi rasmiysi Bajva.
Pokiston amaliyotni muvaffaqiyatli amalga oshirgani Kobul va Islomobod aloqalarining yaxshilanishiga ham hissa qo'shdi, deydi Bajva.
Prezident G'ani o'tgan hafta Islomobodga tashrif buyurganda AQSh va Xitoy vakillari bilan ham muloqot o'tkazdi. Maqsad - to'xtab qolgan tinchlik muloqotini qayta boshlash.
Ayni paytda Tolibon va Afg'oniston hukumati o'rtasida bo'ladigan navbatdagi uchrashuvning aniq kuni va joyini belgilash masalasi muhokama qilinmoqda, deydi Pokistonning ismi oshkor qilinishini istamagan rasmiylaridan biri.
Uning aytishicha, Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif tez kunlarda Kobulga otlanib, shu masalada so'nggi ma'lumotlar bilan o'rtoqlashadi. Ushbu tashrif Pokiston va Afg'oniston harbiylari hamda razvedka idoralari o'rtasida bevosita muloqotning rasman qayta boshlanishini ham anglatadi, deydi "Amerika Ovozi"ning Pokistondagi manbasi.