Breaking News

Pokiston: Kobul Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga shoshmayapti


Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (markazda) Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi qoshida tashkil etilgan ko'rgazmada, Kobul, 4-sentabr, 2015-yil.
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (markazda) Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi qoshida tashkil etilgan ko'rgazmada, Kobul, 4-sentabr, 2015-yil.

Afg'oniston va Tolibon orasida to'xtab qolgan tinchlik muzokaralari hali-veri qayta boshlanadiganga o'xshamaydi. Afg'on va Pokiston rasmiylarining so'nggi uchrashuvlar ortidan aytishicha, tomonlar o'rtasida o'zaro ishonch past.

Afg'oniston-Tolibon muzokaralari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Pokiston rahbarining milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Sartoj Azizga ko'ra, Kobulda kechgan muloqotda Afg'oniston hukumatidagi "Pokistonga qarshi kayfiyat"ni yumshatish masalasiga e'tibor qaratilgan. Bunday munosabat tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichini boshlashga xalal beryapti, deydi u.

"Biz qariyb egizaklar ekanimizni aytib, bir-birimiz bilan do'stona yashashga, o'zaro ishonchni qayta tiklab, vaziyatni yumshatishga harakat qilishimiz lozimligini ta'kidladik", - deydi rasmiy.

Kobul Tolibon bilan muzokarani tiklashga oshiqmayapti, deydi Sartoj Aziz "Amerika ovozi" bilan suhbatda. Afg'on rasmiylari qachon buning mavridi kelishi haqida Islomobodga "yaqin kunlar ichida" xabar berishini aytgan.

Pokiston vositachiligida shu yil tashkil etilgan muzokara 14 yillik urush ortidan Afg'oniston Tolibon bilan o'tkazgan birinchi rasmiy muloqot bo'ldi.

Tolibon yetakchisi Mulla Muhammad Umar o'lgani haqida xabar tarqalgach, guruh ichida hokimiyat uchun kurash kuchaydi. Mulla Axtar Mansur yangi rahbar etib e'lon qilinganiga qaramay, Tolibon ichidagi bo'linish hatto muxolif tomonlar o'rtasida qurolli to'qnashuvlargacha olib bordi.

Afg'on rasmiylari so'nggi paytlarda kuchaygan Tolibon hujumlarida Pokistonning qo'li borligiga ishora qiladi.

Kobuldagi oxirgi xurujlarda Tolibonga yaqin Haqqoniy tarmog'i ayblandi. Iddao shuki, bu guruh hujumlarni Pokiston hududidan turib amalga oshirmoqda.

Islomobod esa bu da'volarni inkor etadi.

"Bu yerda ayrim odamlar bo'lishi mumkin, biz ularni bir yoqli qilamiz. Yarashuv jarayoni boshlangach, agar Haqqoniy Tolibonning muhim bir elementi ekani aniqlansa, ularni ham jalb qilish kerak bo'ladi. Lekin buni qanday amalga oshirishimiz hali ma'lum emas", - deydi Aziz.

Xalqaro donorlar huzurida so'zlagan Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani qo'shni yurtning tichlikni istashini, ammo u yerdagi ayrim kuchlar Afg'onistonni zaif va beqaror ko'rishdan hanuz manfaatdor ekanini ta'kidladi.

"Hamkorimizda xohish bo'lsa, qotilliklarni to'xtatishga qaratilgan tinchlik muzokaralari jiddiy va yuqori darajada bo'ladi", - dedi Afg'oniston rahbari.

Pokiston armiyasi rahbari general Rahil Sharif televideniye orqali qilgan murojaatida Afg'onistonda vaziyat yomonlashmoqda, deya xavotir bildirdi.

Uning aytishicha, Pokiston qo'shni yurtga tinchlik olib kelish uchun jiddiy va samimiy ish olib bormoqda, ammo ayrim g'arazli kuchlar bu harakatlarni to'xtatishga urinmoqda. General, shuningdek, ikki qo'shni davlat o'rtasida kuchli tarixiy va qardoshlik aloqalari borligiga e'tibor qaratdi.

AQSh rasmiylari ham Islomobodni Haqqoniy tarmog'i bilan Afg'onistondagi ta'sir kuchini saqlab qolish uchun hamkorlik qilayotganlikda ayblagan. Pokiston esa bu narsa faqat o'tmishda yuz berganini tan olib, hozir guruh bilan hech qanday aloqa yo'q, deya qayd etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG