Breaking News

Bin Laden quvg'inda yurganida tog'u-g'orda emas, shaharda yashagan


Abbottobod shahridagi hovli hozir buzib tashlangan. Osama bin Ladenning oilasi hibsda.
Abbottobod shahridagi hovli hozir buzib tashlangan. Osama bin Ladenning oilasi hibsda.

Al-Qoida asoschisi, o’tgan yili may oyida Pokistonning Abbotobod shahrida AQSh maxsus kuchlari tomonidan o’ldirilgan Osama bin Laden quvg’inda qanday yashagani haqida yangi ma’lumotlar bor.

Uning eng yosh rafiqasi, hozirda 30 ga kirgan, asli yamanlik Amal Ahmad Abdufattoh ayni damda Pokistonda hibsda. Shu jumladan, Osama bin Ladenning yana ikki xotini va bir necha farzandlari ham. Ularga kelasi hafta bu mamlakatda noqonuniy ravishda yashaganlik aybi qo’yiladi. Besh yilga qamalishi mumkin, deydi advokatlar.

Amal Ahmad Abdulfattoh, Osama bin Ladenning eng yosh xotini. Hozirda 30 yoshda.
Amal Ahmad Abdulfattoh, Osama bin Ladenning eng yosh xotini. Hozirda 30 yoshda.
Amal Ahmad Abdufattohning Pokiston tergovchilarga aytishicha, 2001-yilning sentabr oyida AQShda sodir etilgan terror xurujlari ketidan bin Ladenning oilasi har yoqqa tarqab ketgan.

Amerika agentlari uni asosan tog’li hududlarda qidirib yurgan, lekin al-Qoida rahbari shaharlarda yashagan. Masalan, deydi uning bevasi, 2005-yilda Pokistonda qattiq zilzila bo’lib, AQSh yordam yetkazganida, bu davlat samolyotlarini Osama bin Laden hovlisida o’tirib tomosha qilgan.

Aynan o’sha yili al-Qoida yetakchisi Abbotobodga ko’chgan. Osama bin Laden o’tgan yillar ichida to’rt farzandli bo’lgan, hammasi Amal Ahmad Abdufattoh bilan. Ularning ikkisi Islomobod yaqinidagi davlat tug'ruqxonasida dunyoga kelgan.

Osama bin Laden televizorda AQSh rahbari Barak Obamani tomosha qilmoqda... Surat o'ldirilishidan bir necha oy oldin olingani ma'lum.
Osama bin Laden televizorda AQSh rahbari Barak Obamani tomosha qilmoqda... Surat o'ldirilishidan bir necha oy oldin olingani ma'lum.
2009-yilda katta xotini ham Abbotoboddagi hovliga ko’chib kelgan. AQSh kuchlari bu uyga bostirib kirganida u yerda uch xotin va o’nlab bolalar bo’lgan.

“Vashington Post” gazetasining fosh etishicha, al-Qoida Osama bin Laden tiriklik paytida prezident Barak Obama va o’sha paytda Afg’onistonda xalqaro koalitsiyaga qo’mondonlik qilgan general Deyvid Petreusni o’ldirmoqchi bo’lgan.

Osama bin Laden yashagan uydan chiqqan qog’ozlarda bu reja o’z aksini topgan, deya yozadi Deyvis Ignatius, bu mavzuda uzoq izlangan jurnalist.

Bin Laden yozgan maktublarda, deyiladi maqolada, u Barak Obama halok bo’lgach Oq Uy vitse-prezident Jo Bayden qo’liga o’tishi haqida gap ketadi. Bayden layoqatsiz rahbar bo’ladi deb yozgan Osama bin Laden.

Abbotoboddagi hovlida Osama bin Laden bir necha xotini va bolalari bilan yashagan
Abbotoboddagi hovlida Osama bin Laden bir necha xotini va bolalari bilan yashagan
Barak Obamani o’ldirish vazifasini Al-Qoida rahbari Kashmirdan chiqqan yetakchi terrorist Ilyos Kashmiriyga topshirgan. Kashmiriy o’tgan yilning iyun oyida AQSh havo hujumlarida o’ldirilgan.

Osama bin Laden chet eldagi hamkorlarga bitgan xatlarida al-Qoida Iroq va Afg’onistonda xurujlarni bas qilib, asosiy diqqatini Amerikaning o’ziga qaratishi va aynan hukumatdagi odamlarni nishonga olishi kerak deb undagan. Al-Qoida musulmonlarni o’ldirmasligi kerak, e’tibor kofirlarda bo’lsin deyiladi Pokistonning Abbotobod shahridagi hovlidan olib chiqilgan materiallarda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG