Breaking News

Pokiston Xitoy moliyalayotgan loyihalarni qayta ko'rib chiqmoqchi


Pokistonda avgust oyida hokimiyatga kelgan yangi hukumat Xitoy bilan kelishilgan qator loyihalarni qayta ko’rib chiqmoqda. Ulardan biri 19-asrda qurilgan Karachi-Peshovar temir yo’li. Salkam 1900 kilometrlik transport tizimi orqali yo’lovchi va yuklarning 75 foizi o’tadi.

ML-1 (Main Line 1 yoki o’zbekchada 1-asosiy yo’l) nomi bilan yuritiluvchi temir yo’l tizimi eskirib, Xitoy olti yilda uni ta’mirlab, zamonaviylashtirishga kirishgan. 8,4 milliard dollarga baholanayotgan bu loyiha ikki mamlakat 2013-yilda yaratgan Xitoy-Pokiston iqtisodiy korridori sarmoya dasturi doirasidagi ko’plab proyektlardan biri sanaladi. Dastur 15 yilga mo’ljallangan bo’lib, Xitoy bu davr mobaynida Pokiston infratuzilmasini ta’mirlash uchun 62 milliard dollar atrofida sarmoya kiritishi kutilmoqda.

ML-1 Pokistonning eng yirik shahri, Arab dengizi bo’yidagi port markazi Karachini mamlakat shimoli-g’arbida joylashgan, Afg’oniston chegarasiga yaqin Peshovar shahriga ulaydi.

Loyiha qimmat bo’lgani va uni moliyalash shartlari Pokistonga og’ir kelgani sabab vaqtida boshlanmadi. Yangi Bosh vazir Imron Xon Pokiston katta qarzga botayotganidan xavotir bildirib, xorijiy kreditlardan qutulish kerakligini ta’kidlamoqda.

Tarixiy raqibi Hindistonga ham raqib bo’lgan Xitoy Pokistonning uzoq yillik hamkori bo’lib, Pekin bilan iqtisodiy aloqalar Islomobod uchun muhim edi. Biroq Imron Xon yetakchiligidagi “Tehriki Insof” (Adolat harakati) siyosiy partiyasi iyul oxiridagi parlament saylovlarida g’alaba qozonib hokimiyatga kelgach, yangi hukumat Xitoy bilan imzolangan barcha bitimlarni qayta ko’rib chiqmoqchi ekanini ma’lum qildi. Unga ko’ra, shartnomalar shosha-pisha imzolangan, asosan, Xitoy foydasini ko’zlaydi.

Biroq Pokiston rasmiylarining aytishicha, Pekin ijrosi boshlanmagan loyihalarnigina qayta ko’rib chiqishga rozi bo’ldi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligining izoh berishicha, ishga tushgan loyihalar izdan chiqmasligi kerak.

Pokiston rasmiylari Xitoy sarmoyalaridan yuz o’girish niyatimiz yo’q, ammo loyihalar qiymatini qayta ko’rib chiqmoqchimiz, deydi.

Biroq mutaxassislar fikricha, Pokistonning tushkunlikka tushgan iqtisodyotini jonlantirish uchun Islomobod Pekinning moliyaviy yordamiga muhtoj. Ayniqsa AQSh bilan tarang munosabatlar Pokistonni Xitoyga bosim qo’yish, u bilan muzokaralarda ustun kelish imkoniyatidan mahrum qilmoqda.

Pokistonlik vazirlardan birining “Reyter” axborot agentligiga aytishicha, Islomobod Xitoy moliyalayotgan loyihalar shartlarini nazorat eta olmasligi mumkin, chunki Xitoydan boshqa mamlakatlar Pokistonga sarmoya kiritmayapti.

Xitoy-Pokiston aloqalari haqida kitob yozgan Endryu Smolning aytishicha, Pekin Pokistonga qarz berishdan qochmaydi, biroq tijoriy daromad keltirmaydigan loyihalardan uzoqroq turishni afzal ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG